Yoshlik va Keksalik haqida maqollar to‘plami
Yoshlik hamda qarilik haqida eng sara maqollar to‘plami. «Yoshlik bahorga, keksalik esa qishga o‘xshaydi. Lekin shunday qishki, orqasidan bahor kelmaydi» (Abulqosim Firdavsiy).
Yoshlikning yeli kuchli,
Keksalikning — aqli.
Yosh bilmaydi,
Katta qiymaydi.
Olti yashardan so‘rama,
Oltmish yashardan so‘ra.
Oltmishga kirgan otadan osh so‘rama.
Bir bolani katta qilguncha,
Bir shahar paydo bo‘lar.
Yuk yig‘ilib, toyloqqa qolar.
Beshik bolasi — bek bolasi.
Yo‘tal — keksaning hamrohi.
Odam qarib, yo‘ldosh bo‘lar,
Daraxt qarib, qush qo‘nar.
Kichikni maqta, kattani saqla.
Choi suhbati — chol bilan.
Qarilikni donolik bezar, yoshlikni kamtarlik
Arslon qarisa, quyrug‘ini o‘ynar.
It qarisa, tozi bo‘lar,
Qiz qarisa, qozi bo‘lar.
Yigitlik — umr gulshani.
Ayolning o‘ttizga kirgani —
O‘tin bo‘lgani.
Yoshlikdagi g‘ayrat — keksalikdagi rohat.
Yigit ketardan,
Qari o‘lardan qo‘rqitar.
Qarilik uy — qayg‘uli uy.
Yigitlik yelib o‘tar,
Qarilik — chopib.
Qarilik — bolalik.
Yoshlikda bilgani — toshga yozgani,
Qarilikda bilgani — muzga yozgani.
Yoshni xudo saqlar,
Qarini — ovqat.
Qirqida qo‘liga soz olgan,
Qiyomatda qulog‘ini burar.
Yoshlikda eksang, qarilikda o‘rasan.
Keksalik ko‘prik
Tuya qarisa, bo‘tasiga ergashar.
Qarisi bor uyning parisi bor,
Parisi bor uyning barisi bor.
Noz qizga yarashar,
Kampirga balo bormi.
Kampir o‘laman deb qo‘rqitar,
Kelin — ketaman deb.
Olti yashar yo‘lda bo‘lsa,
Oltmish yashar yo‘ldan chiqsin.
Uzoq bo‘lsa ham, yo‘l yaxshi,
Qari bo‘lsa ham, qiz yaxshi.
G‘am va sevinch haqida maqollar
Etmish, yetmishdan keyin ketmish.
Qarining qarg‘ishi — qattiq.
Keksaning yoshini so‘rama, ishini so‘ra.
Yigitlik — mastlik,
Qarilik — sustlik.
Beshikdagi besh turlanar,
Qayoqqa bursang, shunga o‘rganar.
Yoshlikda o‘rgangan hunar,
O‘zingga o‘ljaga qolar.
Olti yashar yo‘ldan kelsa,
Oltmish yashar ko‘rgani kelar.
Qarilik davosiz dard
Kichikdan — xato,
Kattadan — ato.
Burgut qarisa, yapaloqqush bo‘lar.
Qarchig‘ay qarisa, chumchuqqa mayna bo‘lar.
It qarisa, qopolmas,
Ot qarisa, chopolmas.
Kosib qarisa, yamoqchi bo‘lar,
Otin qarisa, yuvuqchi bo‘lar.
Yoshing oshgach, yodgorlik qo‘y.
Dard yomon,
Darddan qarilik yomon.
Qarining ko‘zi — qozonda.
Suvsiz yerda tol bo‘lmas,
Qarimagan chol bo‘lmas.
Yosh ketaman deb qo‘rqitar,
Qari — o‘laman deb.
Qarida xislat ko‘p.
Yigitga og‘ir narsa ham yengil tuyular,
Keksaga yengil narsa ham og‘ir tuyular.
Er qarisa — el ichida,
Sher qarisa — g‘or ichida.
Qarilik davri qishday, yoshlik davri yozday
O‘t tutunsiz bo‘lmas,
Yigit — yoziqsiz.
Qari bor uyning zari bor.
Qirqida sumaychi bo‘lgan, o‘lganda chalar.
Kichikdan — qusur,
Kattadan — uzr.
Bola — shirinlikning adoyi,
Qariya — shirin so‘zning gadoyi.
Chorvachilik va dehqonchilik haqida maqollar
Kichiklarning kattasi bo‘lguncha,
Kattalarning kichigi bo‘l.
Yigitlik — bir guliston,
Qarilik — bir zimiston.
Qarg‘a qag‘illab g‘oz bo‘lmas,
Kampir shingqillab qiz bo‘lmas.
Ot qarisa — oxurda,
It qarisa — chuqurda.
Aldashga bola yaxshi,
Xudo ursin momoni.
Har kimning joni o‘ziga shirin.
Yosh chog‘im — oltin chog‘im.
Yoshi yetmay, ishi yetmas.
Bir shaharni bir bola buzar.
Har keksadan bir naql.
Yoshlik yoshga, qarilik sochga qaramas
Qarini kaftda saqla,
O‘ligini hafta saqla.
Yosh-u qarining joni bir,
Oriq-semizning imoni bir.
Ho‘kizga tuqqan kun,
Buzoqqa ham tug‘adi.
Er qarisa, erki ketar,
Xotin qarisa, ko‘rki ketar.
Bo‘ri qarisa, itga kulgu bo‘lar.
Yosh kelsa — ishga,
Qari kelsa — oshga.
Sog‘lik va bemorlik haqida maqollar
Qari uyning farishtasi,
Saranjomi, sarishtasi.
Nodon bosh bo‘lmas, ko‘pik osh bo‘lmas,
Qarilik qaytib, qayta yosh bo‘lmas.
O‘zbekning kichigi bo‘lguncha,
Kuchugi bo‘l.
Qarilarni qarg‘atma,
Yosh joningni og‘ritma.
Yoshning hurmati — qarz,
Qarining hurmati — farz.
Avval — bahor, oxir — xazon.
Yoshlik — beboshlik.
Hozir boshqalar ushbu maqolani o‘qimoqda
- To‘y va Motam haqida maqollar to‘plami
- Sevinch va G‘am haqida maqollar to‘plami
- Dehqonchilik va Chorvachilik haqida maqollar to‘plami
- Sog‘lik, Tozalik va Bemorlik haqida maqollar to‘plami
- Mamnunlik va Afsuslanish haqida maqollar to‘plami
- Ehtiyotkorlik va Ehtiyotsizlik haqida maqollar to‘plami
- Farovonlik va Yetishmovchilik haqida maqollar to‘plami
- Imkon va Imkonsizlik haqida maqollar to‘plami
- Vaqt va Fursat qadri haqida maqollar to‘plami
- Taqdir va Tadbir haqida maqollar to‘plami
Yaxshi maqollar ekan.menga yoqdi
Feruza assalomu alayko’m. Ha to’g’ri aytasiz yoshlik va keksalik haqidagi bu maqollar insonni bizor o’ylashga majbur qiladi. Fikringiz uchun alohida tashakkur!