Farzand ko’rganda bajariladigan 7 sunnat amal
Assalomu alayko’m aziz ota-onalar. Bugungi maqolamizda farzandli bo’lgandan keyin qilinishi kerak bo’lgan amallar haqida batafsil malumot berib o’tamiz.
Chaqaloqning qulog‘iga Azon aytish
Yangi tug‘ilgan chaqaloq oppoq matoga o‘raladi, chunki dinimizda matolarning eng afzali oq ranglisi ekani aytilgan. Tezda o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytish, Parvardigordan farzandiga ixlos va e’tiqod bilan dunyo hamda oxirat yaxshiliklarini so‘rash lozim. Bu haqda ushbu hadis vorid bo‘lgan:
عن أبى رافع أنه قال: رأيت رسول الله صلى الله عليه وسلم أنه أذن فى أذن الحسن بن علي حين ولدته فاطمة
Abu Rofe’dan rivoyat qilinadi: «Men Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Fotima va Alining o‘g‘illari Hasan tug‘ilganida quloqlariga azon (va takbir) aytganlarini ko‘rdim».
Boshqa hadisda bunday deyiladi:
عن ابن عباس رضى الله عنهما أن النبي عليه السلام أذن فى أذن الحسن ابن علي يوم ولد وأقام فى أذنه اليسرى
Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hasan ibn Ali tug‘ilganida (o‘ng) qulog‘iga azon aytib, chap qulog‘iga takbir aytdilar».
عن الحسن بن على عن النبى صلى الله عليه وسلم قال: «من ولد له مولود فأذّن فى أذنه اليمنى و أقام فى اذنه اليسرى، لم تضره أم الصبيان».
Hasan ibn Alidan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) «Kim farzandli bo‘lsa, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytsa, unga ummus sibyon zarar bermaydi», dedilar.
Hadisdagi «ummus sibyon» shayton bo‘lib, u bolalarga zarar yo kasallik keltirishini muhaddislar aytishgan.
Bolaga qo‘yish mumkin yoki mumkin bo‘lmagan ismlar va manosi
Chaqaloq qulog‘iga azon bilan takbir aytishdan maqsad, bola dunyoda birinchi eshitadigan ovoz va so‘z Allohning muborak ismi bo‘lishidir. Shuningdek, ushbu azon va iqomat sababidan bola turli balo va dardlardan salomat qoladi, unga shayton tahdid qilmaydi. Chunki shayton azon ovozidan tumtaraqay qochadi.
Chaqaloqning tanglayini ko‘tarish
Savol: Assalomu alayko’m! Hurmatli ustozlar, ko‘p kitoblarda yangi tug‘ilgan chaqaloqni tanglayini ko‘tarishda hurmo mevasidan foydalanish aytiladi. Bu ishni qanday amalga oshirish qanday duolar o‘qish haqida batafsil ma’lumot bersangizlar. Alloh ilmingizga va umringizga baraka bersin.
Javob: Va alayko’m assalom! Buni hech qanday maxsus duosi ham qiladigan kishisi ham yo‘q. Biror shirinlikni olib, barmoq uchida bolaning tanglayiga tekazib qo‘yiladi. Bu vaqtda bolani haqqiga duo qilish sunnat. Madinalik musulmonlar o‘zlarining go‘dak bolalarini doimo Rasuli Akram Sollallohu Alayhi Vasallam huzurlariga olib kelar edilar. U zot Sollallohu Alayhi Vasallam esa ularni qo‘llariga olar, o‘pib-erkalar, tanglaylarini ko‘tarar va haqlariga duo qilar edilar. Vallohu a’lam!
Chaqaloqga yaxshi ma’noli va chiroyli ism qo‘yish
Fiqh kitoblarimizda farzandning ota-onadagi haqqi zikr qilingan boblarida, albatta, farzandga chiroyli va ma’noli ismlar qo‘yish xususida aytib o‘tiladi. Chunki keyinchalik farzand o‘z ismidan boshqalar huzurida uyalmasligi kerak.
Ism Allohga bandalik, payg‘ambarga ummat ekani va musulmonlar toifasidan ekaniga dalolat qilishi lozim. Bu borada janobi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat bo‘lgan quyidagi hadisi sharif mavjud: «Ism o‘zagida «hamd» va «abd» o‘zlaridan tarkib topgan ismlar yaxshi nomlardir».
Bolaga chiroyli ism qo‘yish ota-onaning farzand oldidagi mas’uliyatlaridan hisoblanadi. Islom tarixida bo‘lib o‘tgan ajoyib hodisalardan xabardor har bir ota-ona qanday sharoitda bo‘lmasin, farzandiga chiroyli, ma’nosi ham go‘zal ism qo‘yishga harakat qiladi. Zero, ism o‘z egasining xulq-atvoriga, hatto taqdiriga ham ta’sir qilishi aytilgan. Qiyomat kuni har bir inson o‘z ismi bilan chaqiriladi.
Abu Dardodan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: «Qiyomat kuni sizlar o‘z ismlaringiz bilan va otalaringiz ismlari bilan chaqirilasiz. Binobarin ismlaringiz chiroyli bo‘lsin!»
Bandalik ma’nosini anglatuvchi ismlar qo‘yish lozimligi
Bola tug‘ilganida ko‘pincha ota-onalar unga qanday ism qo‘yishga o‘ylanib qolishadi. Natijada, ko‘p bosh qotirmay, ma’nosi g‘aliz, tumtaroq ismlarni qo‘yib yuborishadi. Shu qo‘yiladigan ism bola bilan nafaqat foniy dunyoda, balki qiyomatda, jannat yo do‘zaxda ham birga bo‘ladi. Bu mavzuga aloqador hadislarda aytiladi: Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Darhaqiqat, Alloh taologa eng yoqadigan ismlaringiz «Abdulloh» va «Abdurrohman»dir», dedilar.
Hadisda ism qanday bo‘lishi kerakligi ochiq bayon qilingan. Kishi o‘zining Alloh taologa suyukli ekanini bildirmoqchi bo‘lsa, «Abdu…» bilan boshlanadigan ismlarni qo‘ysin, chunki bunday ismlar Alloh taoloning quli ekanini hamisha bildirib turadi.
Boshqa bir hadisda bunday kelgan: Abu Vahb aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: «Payg‘ambarlarning ismlarini olinglar, Alloh taologa eng yoqadigan ismlar «Abdulloh» va «Abdurrohman»dir, eng sadoqatlisi «Horis» va «Hammam»dir, eng yomoni «Harb» (urush) va «Murra» (achchiq)dir».
O‘g‘il bolalarga payg‘ambarlarning alayhimussalom muborak ismlarini qo‘yish ham maqsadga muvofiq sanaladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ismlaridan «Muhammad», «Ahmad» kabilarni qo‘yish fazilatlidir, ammo u kishining kunyalari bilan «Abul Qosim» deb ism qo‘yish joiz emas.
Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) yomon va xunuk ismlarni o‘zgartirishga buyurganlar. Masalan, hazrat Umar roziyallohu anhuning qizlari Osiya (gunohkor) ismini Jamila (chiroyli, go‘zal) deb o‘zgartirganlar. Hadislarda yana u zotning «Harb» (urush), «Murra» (achchiq) kabi xunuk ismlarni yaxshisiga almashtirishni buyurganlari naql qilingan.
Farzandga yaxshi ism qo‘yganidan keyin uni chala-yarim qilmay, to‘liq va go‘zal talaffuz qilish lozim. Afsus, ba’zi oilalarda ismni qisqartirib chaqirish odat tusiga kirgan. Masalan, «Abdulloh»ni (Allohning bandasi) «Abdi», «Abdul» deyishadi, bu ishi egasiga ham, Parvardigorga ham katta hurmatsizlikdir. Chiroyli ism qo‘yish zarurligini shundan ham tushunsa bo‘ladi. Demak, bu ishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Rivoyat qilishlaricha, Havvo onamizda bola turmagach, Iblis kelib ismini «Abdulhoris», ya’ni «Dehqonning quli» deb qo‘yishga undaydi. Havvo xuddi shunday qiladilar. Bu oyatda bu ishni go‘yo shirk keltirish deyilmoqda. Bu kabi ism qo‘yish to Muhammad (alayhissalom) davrlarigacha ham davom etib kelgan.
Masalan, Abdu Manof, Abdul-Uzzo, Abduddor va hokazo. Lekin ulamolar oyatda keltirilgan qissadan Odam va Havvoni shirk keltirganlari chiqmaydi. Zero, bu ibodatdagi ish emas, dehqonni ular hech qachon rabbimiz deb bilmaganlar. Ona va bolaning salomat qolishlariga sabab bo‘larmikan, degan niyat bilan mazkur ismni qo‘yishgan, deb tafsir qilganlar.
Chaqaloqning sochini oldirish va soch vazniga teng kumush sadaqa qilish
Savol: Chaqaloq tug‘ilgandan so‘ng 40 kun ichida sochini olsa fazilatli bo‘ladi deb eshitdim. Bu haqda biror hadis bormi?
Javob: Chaqaloq sochi olinishi haqida bir qancha rivoyatlar naql qilingan.
عَنْ سَلْمَانَ بْنِ عَامِرٍ الضَّبِّيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَعَ الْغُلاَمِ عَقِيقَةٌ فَأَهْرِيقُوا عَنْهُ دَمًا وَأَمِيطُوا عَنْهُ الأَذَى. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَصْحَابُ السُّنَنِ وَالدَّارِمِيُّ وَأَحْمَدُ.
Salmon ibn Omir Zobbiy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “(Har bir) bola bilan aqiqa (bor)dir. Bas, uning uchun qon chiqaring va undagi nopoklikni ketkazing!” deb aytganlarini eshitganman” (Buxoriy, Sunan sohiblari, Dorimiy va Ahmad rivoyati).
Chaqaloq tug‘ilganida uning nomidan qon chiqariladi va undagi nopok, aziyat beruvchi narsalarni ketkaziladi. Boladagi nopok narsalar tug‘ilgan paytida unga yopishib qolgan qon va sochdir. Ba’zi ulamolar o‘g‘il bola olatining xatna qilinadigan qismi ham shunga kiradi, deyishgan.
Dunyodagi eng antiqa ismlar haqida bilasizmi?
عَنْ سَمُرَةَ بْنِ جُنْدُبٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: كُلُّ غُلاَمٍ رَهِينَةٌ بِعَقِيقَتِهِ تُذْبَحُ عَنْهُ يَوْمَ سَابِعِهِ وَيُحْلَقُ وَيُسَمَّى. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ وَأَحْمَدُ وَالدَّارِمِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.
Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Har bir bola aqiqasi bilan garovlangan. Un(ing nomi)dan yettinchi kuni (jonliq) so‘yiladi, sochi olinadi va ism qo‘yiladi” (Sunan sohiblari, Ahmad, Dorimiy, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).
Bu hadisda aytilishicha, bolaning ba’zi ishlari aqiqaga bog‘liq ekan. Agar aqiqa qilinsa, o‘sha ishlar yuzaga chiqadi. Chaqaloq tug‘ilanining yettinchi kuni uning nomidan aqiqa qilinadi, sochi olinadi va ism qo‘yiladi. Sochi olinganidan keyin uning vazni miqdorida kumush yoki uning qiymati kambag‘allarga sadaqa qilinadi.
عَنْ عَلِيِّ بْنِ أَبِي طَالِبٍ قَالَ: عَقَّ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ الْحَسَنِ بِشَاةٍ وَقَالَ: يَا فَاطِمَةُ احْلِقِي رَأْسَهُ وَتَصَدَّقِي بِزِنَةِ شَعْرِهِ فِضَّةً قَالَ: فَوَزَنَتْهُ فَكَانَ وَزْنُهُ دِرْهَمًا أَوْ بَعْضَ دِرْهَمٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالْحَاكِمُ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hasan nomidan bir qo‘y so‘ydilar va: “Ey Fotima, uning sochini ol va sochining og‘irligi miqdorida kumush sadaqa qil”, dedilar. Men uni tortib ko‘rgandim, og‘irligi bir dirham yoki undan kamroq chiqdi” (Termiziy va Hokim rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).
Bir dirham deyarli 3 grammga teng. Demak, Hasan ibn Ali roziyallohu anhuning sochi olinganida, vazni 2.5-3 gramm atrofida chiqqan. Rivoyatga ko‘ra, chaqaloq sochini uning onasi olib, vaznini tortish va kumush sadaqa qilishni otasi amalga oshiradi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, chaqaloq (qiz yoki o‘g‘il bo‘lishidan qat’i nazar) tug‘ilganidan bir hafta o‘tib, uning sochi olinib, sochi og‘irligi midorida kumush yoki uning qiymatini sadaqa qilish mustahabdir. Lekin bunda tibbiy jihatlariga ham e’tibor berish lozim.
Chunonchi, bolaning sochini o‘tkir ustarada emas, balki qaychi yoki maxsus asbob yordamida olish maqsadga muvofiq. Aks holda bolaning boshiga aziyat yetishi mumkin. Sababi chaqaloq boshida mayda, ko‘zga ko‘rinmas tomirlar bo‘lib, ularga shikast yetsa, bolaning jismoniy va ruhiy holatiga zarar bo‘lishi mumkin. Masalaning bu jihatiga ham e’tiborli bo‘lish lozim. Vallohu a’lam! (Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li)
Aqiyqa yani O‘g‘il va Qiz bolaga qo‘y so‘yishlik
Savol: Assalomu alayko’m! Aqiyqa to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olmoqchiman. So‘yiladigan jonliq qanaqa bo‘lishi kerak? Qanday taqsimlanadi? Iloji bo‘lsa kengroq ma’lumot bersangizlar. Oldindan rahmat.
Javob: Va alayko’m assalom! «Aqiyqa» lug‘atda «yormoq» ma’nosini anglatib, aslida yangi tug‘ilgan bolaning sochiga nisbatan qo‘llangan. Shar’iy istilohda esa: «Aqiyqa – niyat va maxsus shartlar bilan, Alloh taologa shukr sifatida, farzand nomidan so‘yilgan jonlikdir».
Shariat ta’limotlarida, tavalludining yettinchi kuni bolaning sochini olib, o‘sha soch og‘irligida kumush sadaqa qilmoq tavsiya qilinadi. Soch boshdan ajratib olinganligi uchun bu marosim «aqiyqa» deyiladi.
Bolaga ism tanlashda nimalarga ahamiyat berish kerak?
O‘sha munosabat ila so‘yiladigan qo‘y ham «aqiyqa» deyiladi. Iste’molda shu ma’no ko‘p ishlatilganligi uchun «aqiyqa» deganda faqat yangi farzand tug‘ilishi munosabati ila so‘yiladigan qo‘y va tashkil etiladigan marosim tushuniladigan bo‘lib qolgan. Aqiyqani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari qilganlar.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم عَقَّ عَنِ الْحَسَنِ وَالْحُسَيْنِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا كَبْشًا كَبْشًا. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga bittadan qo‘chqor so‘yib, aqiyqa qildilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar: Imom Hasan bilan ukalari imom Husaynning oralarida o‘n bir oy farq bo‘lgan. Ushbu hadisi sharifdan o‘g‘il bolaga albatta ikkita qo‘y so‘yib, aqiyqa qilish shart emasligi, bitta qo‘y so‘ysa ham bo‘laverishi kelib chiqmoqda. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘z nabiralariga bittadan qo‘chqor so‘yganlari shuni ko‘rsatadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlariga aqiyqa qilishni tavsiya qilganlar.
عَنْ سَلْمَانَ بْنِ عَامِرٍ الضَّبِّيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: مَعَ الْغُلَامِ عَقِيقَةٌ، فَأَهْرِيقُوا عَنْهُ دَمًا وَأَمِيطُوا عَنْهُ الْأَذَى. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا مُسْلِمًا
Salmon ibn Omir az-Zobbiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Fulom aqiyqasi bilandir. Bas, uning uchun qon oqizing va undagi nopoklikni ketkazing», dedilar».
Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan: Ushbu hadisdagi «g‘ulom aqiyqasi bilandir» jumlasi «yangi tug‘ilgan bolaning aqiyqasi o‘zi bilan», deb tushuniladi. Ya’ni har bir yangi tug‘ilgan bolaga aqiyqa lozim, deganidir. «Bas, uning uchun qon chiqaring». Ya’ni «Yangi farzand tug‘ilgani sharafiga jonliq so‘ying». «…va undagi nopoklikni ketkazing». Tug‘ilgan boladagi nopoklik deganda, tug‘ilgan paytida unga yopishib tushgan qon, soch va ba’zi shunga o‘xshash narsalar tushuniladi.
عَنْ سَمُرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: كُلُّ غُلَامٍ رَهِينَةٌ بِعَقِيقَتِهِ تُذْبَحُ عَنْهُ يَوْمَ سَابِعِهِ وَيُحْلَقُ وَيُسَمَّى. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ
Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Har bir g‘ulom aqiyqasi garovidir. Uning uchun yettinchi kuni so‘yilur, sochi olinur va ism qo‘yilur», dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar. Ushbu hadisi sharifda yangi tug‘ilgan farzandga oid bir necha narsalar zikr qilinmoqda:
«Har bir g‘ulom aqiyqasi garovidir». Demak, har bir yangi tug‘ilgan farzandning ba’zi bir ishlari unga aqiyqa qilishga bog‘liq bo‘lib turar ekan. Agar aqiyqa qilinsa, o‘sha ishlar yuzaga chiqadi, bo‘lmasa, xuddi garovga olinganday, yuzaga chiqmay turaveradi. Ba’zi ulamolarimiz, jumladan, imom Ahmad ibn Hanbal va Ato Xurosoniylar aytishadiki, go‘dakligida o‘lgan farzandning o‘z ota‑onasiga shafoatchi bo‘lishi uning aqiyqasiga bog‘liqdir. Agar unga aqiyqa qilingan bo‘lsa, Qiyomatda jannat erkatoylaridan bo‘ladi va: «Agar jannatga oldin ota‑onam kirmasa, men kirmayman», deb turib oladi. Shunday qilib, u o‘z shafoati ila ota‑onasining jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.
Bolaga qo‘yish tavsiya etilmaydigan ismlar va manosi
Imom Lays, Dovud Zohiriy va boshqalar esa yangi tug‘ilgan farzandning yaxshi unib-o‘sib, baxtli-saodatli bo‘lishi uning aqiyqasiga bog‘liqdir, shuning uchun aqiyqa qilish vojibdir», – deganlar. Lekin jumhuri ulamo: «Aqiyqa qilish sunnati muakkada», – deganlar. Hanafiylarning nazdida aqiyqa muboh amal bo‘lib, sadaqa qilgandan so‘ng go‘dakning yetti kunligida qilinadi va o‘sha kuni sochi olinib, sadaqasi qilinadi. «Uning uchun yettinchi kuni so‘yilur». Aqiyqa farzand tug‘ilganining yettinchi kuni qilinadi. Agar yettinchi kuni imkoni bo‘lmasa, o‘n to‘rtinchi yoki yigirma birinchi kuni qilinadi. Aynan yettinchi kunning tayin qilinishi hikmati to‘g‘risida so‘z yuritgan ulamolar: «Shunda dunyoning kunlarida bir kundan yashab o‘tgan bo‘ladi», – deganlar.
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Aqiyqa yettinchi, o‘n to‘rtinchi va yigirma birinchi kuni so‘yilur», – deganlar. Agar u kunlari qilishning imkoni bo‘lmasa, imkoni topilganda qilinaveradi. Yangi, tug‘ilgan farzandga aqiyqa qilish otaning farzand oldidagi burchidir. «…sochi olinur…» Bu ish ham farzand tug‘ilganining yettinchi kuni amalga oshiriladi. Tabiiyki, bu sochga nifos qoni tekkan bo‘ladi. Shuning uchun ham u boladan ketkazilishi lozim bo‘lgan nopok, ozor beruvchi narsalar qatoriga qo‘shilgan. O‘sha yettinchi kuni olingan soch vaznida kumush yoki uning qiymati sadaqa qilinishi ham mazkur ozordan xalos bo‘lganlik shukronasi bo‘lsa, ajab emas. «…va ism qo‘yilur». Yangi tug‘ilgan farzandga ism qo‘yish ham yettinchi kuni qilinadigan ishlardan biri. Har bir yangi tug‘ilgan farzandga yaxshi ism qo‘yish ota‑onaning farzand oldidagi burchidir.
عَنْ أُمِّ كُرْزٍ الْكَعْبِيَّةِ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: عَنِ الْغُلَامِ شَاتَانِ مُكَافِئَتَانِ، وَعَنِ الْجَارِيَةِ شَاةٌ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ وَأَحْمَدُ
Ummu Kurz al-Ka’biyya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘g‘il bolaga ikki bir-biriga o‘xshash qo‘y, qiz bolaga bir qo‘y», dedilar».
To‘rtovlari va Ahmad rivoyat qilganlar.
Albatta, bir farzandning dunyoga kelishi katta bir hodisa. Faqat, doimiy takrorlanib turganligi uchun uncha ahamiyat berilmaydi, xolos. Bo‘lmasa, bir bolaning eson-omon, onasi ham sog‘-salomat qolib, tug‘ilishi buyuk hodisa. Musulmonlar orasiga yangi bir a’zoning qo‘shilishi, uning onasining sog‘ qolishi sharafiga Alloh taologa har qancha shukr qilinsa, har qancha xayr-sadaqa qilinsa, shuncha oz.
Ba’zi holatlarda odamlar bu munosabat ila haddan oshib, dabdabaga yo‘l qo‘ymasliklari yoki aksincha holatlar ham bo‘lmasligi uchun shariatda aqiyqaga nima qilinishi va qay miqdorda bo‘lishi ham ko‘rsatib qo‘yilgan. «O‘g‘il bolaga ikki bir-biriga o‘xshash qo‘y». Ya’ni yangi tug‘ilgan farzand o‘g‘il bola bo‘lsa, uning aqiyqasiga bir-biriga o‘xshash ikki qo‘y so‘ymoq kerak bo‘ladi. «…qiz bolaga bir qo‘y».
Ulamolarimiz: «Qiz bolaga bir qo‘y so‘yib, aqiyqa qilish qizning sha’nini pastlatish uchun emas, balki kelajakda ota‑onasi unga sep va bo‘lajak oilasi uchun jihozlar qilib berishi hisobga olingani uchundir», – deydilar. Shu bilan birga, o‘g‘il bolaga ham bitta qo‘y so‘yish ko‘proq joriy bo‘lgan.
Dunyoga mashhur insonlarning ismlari aslida qanday
Avval ko‘rib o‘tganimizdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham nabiralari imom Hasan va imom Husayn roziyallohu anhularga bittadan qo‘y so‘yganlar. Shuning uchun o‘g‘il bolaga bitta qo‘y so‘yganlar bu hadis bilan tanishib, hayron bo‘lmasliklari kerak.
Ba’zi olimlar: «Bolaning sog‘-salomat bo‘lishi, sindi-chiqdilarga yo‘liqmasligi haqida yaxshi niyat ramzi sifatida uning uchun aqiyqaga so‘yilgan hayvonning suyagi sindirilmasa, yaxshi bo‘ladi», deganlar.
Ammo sindirilsa ham hech narsa bo‘lmaydi. Aqiyqaga so‘yilgan hayvonning go‘shti faqir-miskinlarga tarqatib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, u go‘shtdan qo‘ni-qo‘shni va doyaga ham berilsa, yaxshi bo‘ladi. Pishirib, odamlarni chorlab, ularga ziyofat berish ham yaxshi. (“Baxtiyor oila” kitobidan). Vallohu a’lam!
Xatna qilish amali
Savol: «Hidoyat» jurnalining 2001 yilgi 2-sonining 9-betida «Hatna sunnat amal. Sunnat qismi bolani yotqizib, xatna qildirish, xolos. So‘ng ustaga xizmat haqqi berib, rozi qilish. Qolgan ishlar hammasi bid’atdir, bid’atga sarflangan mablag‘ isrof, o‘rniga ishlatilmagani uchun kishini gunohor qiladi» deyilgan. Lekin «Zikr ahlidan so‘rang»ning 50-kitobchasida «Aziyra — xatna munosabati ila marosim» degan jumlalarni o‘qib, tushunmay qoldim. Ikki xil munosabatni tushuntirib bering, iltimos.
Javob: Mazkur savolga javob berishdan oldin imom Buxoriyning «al-Adab al-mufrad» kitoblariga qilingan sharhdan xatna bobidagi ba’zi ma’lumotlarni keltirishga ijozat bergaysiz:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ibrohim alayhissalom sakson yildan keyin Qadum degan joyda o‘zlarini o‘zlari xatna qildilar», dedilar». Nabiylarning otasi bo‘lgan Ibrohim alayhissalom keksayib qolgan paytlarida ham o‘zlarini xatna qilgan ekanlar. Demak, Alloh taoloning bu amri o‘sha paytda joriy qilingan ekan.
Xatna qildirish sunnatdir. Sunnat bo‘lganda ham Islomning shiorlaridan, xususiyatlaridan biri sanalgan sunnatdir. O‘g‘il bolalarni kichiklik chog‘ida xatna qildirish musulmon xalqlarning tark qilmaydigan odatiga aylangani yaxshi ish. Xatnada zakarning uch qismini qoplab turgan yumshoq teri kesiladi. O‘sha teri arabchada «qalafa» deyiladi.
Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning 99 ismlari
Hanafiy mazhabi bo‘yicha bolaning holiga qarab xatnani ko‘taradigan bo‘lganda qilinadi. Yetti kunlik bolani xatna qilish shart emas. Shuningdek, zaifligi uchun xatnaga chiday olmaydiganlar ham xatna qilinmaydi. Xatna qilinmagan odam vafot etsa, u ham xatna qilinmaydi. Xatna holida tug‘ilgan shaxs ham xatna qilinmaydi. Agar xatna qilinishi lozim bo‘lgan joyida biron bir teri bo‘lsa, uni olib tashlab lozim bo‘ladi. Xatnachining aybi bilan xatna qilingan shaxsga talofat yetsa, tovon to‘lanadi.
Xatna munosabati bilan marosim qilish mashru’dir, shariatda bor narsadir. O‘g‘il bolalarning xatnasini izhor qilish sunnat. Yoshligida xatna qildirilmaganlarni ham shariat hukmlarini buzmagan holda keyinroq bo‘lsa ham xatna qildirish ulamolarimiz tomonidan tavsiya qilinadi.
Katta yoshdagi kishi musulmon bo‘lsa va xatna unga zarar keltirishi xavfi bo‘lsa, tark qilinadi. Bir odam, katta yoshda musulmon bo‘lgani uzri uchun xatna qilinmagan bo‘lsa, adolatli bo‘ladi va shahodati qabul qilinadi. Uzrsiz xatna qilinmagan odamning guvohligi qabul qilinmaydi.
Xatna shofe’iy va hanbaliylar nazdida vojib, hanafiy va molikiylar nazdida sunnatdir. Bola tug‘ilganidan yetti kun o‘tganidan boshlab xatna qilinsa bo‘laveradi, degan ulamolar ham bor. Ba’zilar: yetti yoshdan o‘n yoshgacha xatna qilinsa, yaxshi bo‘ladi, deyishgan. Xatnachining katta odamni yoki o‘smirni xatna qilish uchun avratiga nazar solishi joiz.
Solimdan rivoyat qilinadi: «Ibn Umar meni va Nu’aymni xatna qildirdi. U biz uchun qo‘chqor so‘ydi. Biz bolalar orasida o‘zimiz uchun qo‘chqor so‘yilganidan maqtanib yurardik». Demak, xatna munosabati bilan jonliq so‘yib, ziyofat uyushtirish sahobalardan sobit bo‘lgan amal ekan. Solim Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning o‘g‘illari bo‘lgan.
Arablarda oldindan xatna qildirishning qadri bo‘lgan, Islom bu ishni tasdiqlagan. Abu Abdulloh ibn Savraning «Al-Hisomul Masnun fiy nusrati ahlis Sirril Maknun» nomli kitobida Ikrimadan qilingan rivoyatda aytiladi: «Ibn Abbos o‘g‘illarini xatna qildirganda o‘yinchi erkaklarga da’vat yo‘lladi. Shunda Ibn Abbos ularga to‘rt dirham berdi».
«Hidoyat» jurnalida yozilgan ma’lumotga kelsak, buning dalilini tahririyatning shu ishga mas’ul bo‘lgan xodimidan so‘rang (Alloh biluvchidir).
Alloh taoloning go‘zal ismlari (Eng go’zal ismlar)
Farzand ko‘rgan kishini muborakbod etish
Alloh sizga qilingan tortiqni barakotli etsin! Beruvchiga shukronalar ayting. Voyaga yetsin, yaxshiligini ko‘ring!
Muborakbod etiluvchi shunday javob qaytaradi: Alloh sizga ham barakotlar ato etsin. Yaxshi mukofotlar bilan mukofotlasin. Sizgada xuddi shundayini bersin. Savobingizni ziyoda qilsin. (Navaviyning «Azkor» kitobidan).
Bu ismlar manosida yig’ilgan barcha ismlar juda chiroyli ekan.
Assalomu alayko’m. Farzandimga Yahyobek deb ism qo’ysam bo’ladimi?
Yaqinda qizli boʻldim. Qizimning oyogʻida oltitadan barmogʻi bor. Shunga qarab ism qoʻyish kerakmi yoki yoʻq.
Maqolangiz uda yahshi va kerakli ekan, malumot oldim, rahmat.