Ayollar haqida sara sherlar to‘plami

Ayollar haqida yani munis ayollarga bag‘ishlangan eng sara sherlar to‘plami. Ayol azaldan mehr-shafqat va sadoqat timsoli bo’lib kelgan. Ayol deganda ko’z o’ngimizda avvalo, ulug’ va tabarruk ona siymosi gavdalanadi.

Ayollar haqida sherlar

O‘zing uchun yashagin ayol

O‘zing uchun yashagin ayol

Hayotning har qanday shartiga ko‘nding,
Ayt qachon ko‘ksingga tegibdi shamol?!
Bola — chaqa deding, ro‘zg‘or, ish deding,
Bir kun o‘zing uchun yashagin Ayol!

Sen- erning aybini yopguvchi qalqon,
Oila ko‘rkiga berarsan sayqal.
Mayliga har kunmas, lekin har zamon,
Bir kun o‘zing uchun yashagin Ayol!

Shaffof ko‘zgularni qo‘lingga olib,
Oltin qo‘g‘irchoqdek yasangin xushhol.
Yuzingga upa surt, yaxshilab kiyinib,
Bir kun o‘zing uchun yashagin Ayol!

Gohida dard birla tilinsa bag‘ring,
Go‘yo to‘lishmayin qolganday hilol.
Qadringni bunchalar arzon qilmayin,
Bir kun o‘zing uchun yashagin Ayol!

Kunlarni o‘tkazding yelib, yugurib,
Qo‘y endi ko‘nglingni yozgin kelaqol.
Buguncha yornimas, o‘zingni sevib,
Bir kun o‘zing uchun yashagin Ayol!

Opa va singil haqida sherlar to‘plami

O‘zini unutib qo‘ygan ayol

O‘zini unutib qo‘ygan ayol

Uxlaydi toliqqan butun jonzot bu damda,
Sukunatni buzadi bir xonish sel ohangda,
Alla aytar mehrini taratib ming xil rangda,
Eng yoqimli qo‘shiqni qalbida tuygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Xastalansa dilbandi boshida giryon halak,
Shu damda bir tutamdir uningchun yeru falak,
Bolasiga Ollohdan shifo so‘rar jonsarak,
Dilbandim deb ko‘ksini ko‘zini o‘ygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Oy qo‘ynidan to‘kilar nur ayolning boshiga,
Oq sochlari yosh qo‘shgan eh navqiron yoshiga,
Yulduzlar shivirlashib tan berar bardoshiga,
Dilbandini jonidan ortiqroq suygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Mingta tashvish o‘yi bor yuragini kuydirgan,
Shirin xayollargamas hasratlarga to‘ydirgan,
Bag‘ri yonib tursada, farzandini kuldirgan,
Issiq tandir uchoqda yuzlari kuygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Oy bekinar ko‘ziga hayratli doshni qamab,
Mana go‘dagi uxlar, toliqdi u allalab,
Endi ro‘zg‘or ishiga kirishadi amallab,
Oilam, bola-chaqam deb yonib kuygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Tong yorisha boshlaydi, shafaq tuslanib alvon,
Ko‘zi qizargan horg‘in ayol bedordir hamon,
Shu mehribon hilqatsiz tongning tongligi yolg‘on,
Bor yo‘q iztirobini tolega yo‘ygan ayol,
Farzandi deb o‘zini o‘ylamay qo‘ygan ayol.

Osmon ulkan emasdir, ayolning qalbi ulkan,
Mehrli ko‘zidagi joziba sehri ulkan,
Dunyoning dunyoligin tutguvchi ona ekan,
Olamni sadoqatga chulg‘atib qo‘ygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Azizim deyinmi ayol

Azizim deyinmi ayol

Sen bir chechakmiding bogda ochilgan,
Yoki bir libosmi, bahtga bichilgan,
Dunyoga ezgulik sen-la sochilgan,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Sen uchun yozildi qancha qo’shiqlar,
Ortingdan ovvora qancha oshiqlar,
Qoshingda eridi toshdan qattiqlar,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Seni haq yo’lingdan toydirguchi ko’p,
So’ng esa mish-mishlar yoydirguchi ko’p,
Ba’zida joningdan to’ydirguchi ko’p,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Erta saharlarda uyqudan kechib,
Dalaga otlanding, bolang opichib,
Tog kelsa kemirding, suv kelsa ichib,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Ba’zi erkaklarda qolmadi imon,
Er-hotin qo’sh-ho’kiz desalar-yolgon,
Qo’shni endi yolgiz tortasan giryon,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Joying poygak bo’ldi, doim, to’r emas,
Mehnating, zahmating oshkor, sir emas,
Joningni dedilar qirqta, bir emas,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Yurakda qoldirding o’chmaydigan iz,
Dunyoda tushunding sen meni yolgiz,
Mayliga desinlar meni «feminist»,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Sen mening singlimsan, opam yo onam,
Yoki bir kelinchak, yoki bir sanam,
Senga qurbon bo’lsin bu jon, bu tanam!
Men seni azizam deyinmi ayol?

Ozgina yumshadi bugun tosh diydam,
Sutingiz hurmati, aziz volidam,
Ayolga bitildi ushbu qasidam,
Men sizni azizam deyinmi ayol?

Sadoqatga yor bo‘lgin ayol

Sadoqatga yor bo‘lgin ayol

Duosida tinchlik so‘rar yurtiga,
Ko‘nar xayot aytgan barcha shartiga.
Gullar soching oyog‘ining gardiga.
Zulmatlarni yoritguvchi yo‘lisan,
Ayol bu dunyoning jannat gulisan.

Sen onasan, sen go‘zal yor yo singil,
Manoli so‘zingdan obod xar ko‘ngil.
Mexring bersang, dard xam o‘tadi yengil.
Kim bo‘lmaki, keksami yoki yoshsan,
Ayol mehr bobidagi quyoshsan.

Tabassuming aritadi g‘amlarni.
Shodlikka olasan tushkun damlarni.
To‘ldirasan ro‘zg‘ordagi kamlarni.
Uyim-joyim deya bedor xalaksan,
Ayol mehnat ichida ham malaksan.

Senga yo‘qdir bolaning begonasi
Sevging ulashasan gapning xonasi.
Qalbing shunchalar oq o‘zbek onasi.
Yangi kunning debochasi naxorsan,
Ayol yangilanish fasli baxorsan.

Ba’zan tashvishing bor, yuraging titroq.
Ko‘ngling yig‘lasa-da, ko‘zlaring porloq
Sabring qarshisida cho‘kib qolar tog‘.
Xar mushkulning davosisan, ixlossan,
Ayol sabr, mexr otlig‘ libossan.

Malohatsan, nazokatsan, navosan.
Andishasan, oru nomus hayosan.
O‘zing dunyo ichra bitta dunyosan.
Mo‘jizasan, mudom bor bo‘lgin ayol.
Ishqqa, sadoqatga yor bo‘lgin ayol.

Muqaddas ayol — Halima Xudoyberdiyeva

Muqaddas ayol

Oshiqlaring poyingga gul otib ham bo‘ldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo‘ldi,
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Avval kelib, quchog‘ingga to‘l, balq dedilar,
Unamading ayol asli ters xalq dedilar,
Yetolmagach yuz o‘girib, sho‘r taxt dedilar,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Talpinasan astagina va qo‘yasan bosh,
Mingyillikdir ko‘zlaringda jovdiragan yosh,
Gunihkorlar mingu bitta, senga tegar tosh,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Chorlashganda jim kelsang-da, bekor kelsang-da,
Mast davraga xor kelsang-da nomardlarga zor kelsang-da,
Xor kelsang-da nomardlarga xor kelsang-da,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Aslida bor ermaklarning borar yeri sen,
Yaxshi-yomon ertaklarning borar yeri sen,
Asov otdek erkaklarning borar yeri sen,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Harir, xushbo‘y badaningda toshlar izi bor,
Ko‘kragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh o‘ti kuydirgan ne quyoshlar izi bor,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Ayol bor

Ayol bor

Ayol bor dunyoda baxt bor iqbol bor,
Ayol bor dunyoda shirin xayol bor,
Ayol bor dunyoda ishq bor, visol bor,
Ayol bor dunyoda sohibjamol bor.

Ayol bor dunyoda pariruxsor bor,
Ayol bor dunyoda ul gulruxsor bor,
Ayol bor dunyoda gul bor, bahor bor,
Ayol bor dunyoda oshig’i zor bor.

Ayol bor dunyoda gulga misol bor,
Ayol bor dunyoda dilga timsol bor,
Ayol bor dunyoda malak dildor bor,
Ayol bor dunyoda vasli diydor bor.

Ayol bor dunyoda hofizu tor bor,
Ayol bor dunyoda qo’shiq, ash’or bor,
Ayol bor dunyoda Ahadga yor bor,
Ayol bor dunyoda lablari bol bor…

Ayol bor dunyoda baxt bor, iqbol bor,
Ayol bor dunyoda shirin xayol bor,
Ayol bor dunyoda ishq bor, visol bor,
Ayol bor dunyoda sohibjamol bor.

Ayollar bor

Ayollar bor

Ayollar bor, bolam deydi, uyim der,
Ayollar bor, erlarining boshin yer,
Ayollar bor, farishtadir uyida,
Ayollar bor, xatto itdan daydi-da.

Ayollar bor, vafolidir, hayoli,
Ayollar bor, o‘zlaricha ziyoli,
Ayollar bor, ko‘zlarida mehr bor,
Ayollar bor, ko‘zlarida qahr bor.

Ayollar bor, nur sochilar yuzidan,
Ayollar bor, zahar chiqar so‘zidan,
Ayollar bor, boylik dedi, pul dedi:
Ayollar bor, boylik axir gul dedi.

Ayollar bor, farzandini quchganlar,
Ayollar bor, farzandidan kechganlar,
Ayollar bor, sabr qilib yuradi,
Ayollar bor, har kun nolib turadi.

Ayollar bor, shukr deydi boriga,
Ayollar bor, kun bermaydi eriga!
Ayollar bor, quyoshdayin nur sochar,
Ayollar bor, shaytonning bag‘rin quchar.

Ayollar bor, oilasin baxtidir,
Ayollar bor, hayvon undan yaxshidir,
Ayollar bor, Otam dedi, Onam der,
Ayollar bor, Onasining bag‘rin yer.

Ayollar bor, O‘zbegimning yuzidir,
Ayollar bor, Baxtimizning ko‘zidir,
Ayollar bor, Erkaklardan yaxshiroq,
Ayollar bor, uzoq yonar bir umr…

Ona haqida sherlar to‘plami

Munis ayol

Munis ayol

Tunda beshigini quchguncha ayol
Farzandiga alla aytar, ko’zda yosh.
Oh allamikan yoki ayolning dardi?
Osmon ham yig’ladi, berolmay bardosh!

Neni kuylamoqda-bu munis ayol?
Yeru-ko’kning bag’rin solib larzaga.
Jangchi yorin kutib, surguncha hayol,
Gohida nigohin tikar derazaga.

Shu asnoda ayol kutar yorini,
Tiq etgan tovushga tutgincha quloq,
Birgina diydorga atab jonini,
O’z-o’ziga berar javobsiz so’roq…

Mana bahor keldi, bodom gulladi,
Necha fasllarni o’tkazdim sensiz.
Sog’inchdan! bu ko’zlar yig’lab to’ymadi,
Qaydasan, holing ne kechyapti mensiz?

Ayollar yaxshi

Ayollar yaxshi

Qorami, sariqmi,
Ayol yaxshidur,
Semizmi, oriqmi,
Ayol yaxshidur.

Bichuvchimi, tikuvchimi,
O’qituvchimi, o’quvchimi,
Sotuvchimi, uchuvchimi,
Ayol yaxshidur.

Qora ko’zmi. Ko’k ko’zmi,
Ola ko’zmi . Qo’y kuzmi,
Bo’ta ko’zmi. Shaxlo ko’zmi,
Baribir Ayol yaxshidur.

Extimol aytarsiz,
Ey , birodar,
Oshirvording sal,
Bu ayol zotiga,
Maqtovni ko’pimas,
Ozrog‘i afzal…

Lekin…
Saxroga o’xshaydi,
Ayolsiz dunyo,
Quriydi qaqshaydi,
Ayolsiz dunyo,
Erkaklar ko’tarolmay,
Sukunat yukin,
Aqldan ozib,
Qolishlari mumkin.

Qalbimizda ungan,
Baxoriy ko’klam,
Bizga dono ayollarning,
Yorligidandir.
Extimol xayotning,
Go’zalligi xam,
Dunyoda ayollar,
Borligidandir.

O‘zingizni qo‘ymang unutib

O‘zingizni qo‘ymang unutib

Dunyo shunday bo‘lsa-da bir kam,
Yashagaymiz mo‘jiza kutib.
Aziz opa-singillar hecham,
O‘zingizni qo‘ymang unutib.

Ro‘zg‘or deya joni halaksiz,
Mingta o‘ydan bezovta yurak.
Siz hammaga suyanch, tirgaksiz,
O‘zingizga o‘zingiz kerak!

Yumushlardan tin olmay bir zum,
Toliqdingiz, g‘amlarni tashlang.
Hech bo‘lmasa haftada bir kun,
Ayol bo‘lib, o‘zni deb yashang!

Betob bo‘lib qolsangiz nogoh,
Kerakmassiz, hech kimga biling.
Shu holatdan bo‘lsangiz ogoh,
O‘zingizni ehtiyot qiling!

Erim, bola-chaqam deb yashab,
Goh baxtlisiz, gohi g‘urbatda.
Har zamonda ayolga o‘xshab,
O‘zingizni seving albatta!

Ayol baxti ro‘zg‘or, oila,
Buni inkor etmaymiz zinxor.
Imkon izlab, topib joyini,
O‘zingizga bering e’tibor!

Bolangizga keraksiz sog‘lom,
Yoringizga go‘zal va xush so‘z.
Siz bor hayot bo‘lar bardavom,
O‘zingizni asrang, qorako‘z!

She’rim balki cho‘zildi xiyol,
Yashang baxtga shukrona ayta.
O‘zingizni avaylang ayol!
Bu dunyoga kelmaysiz qayta.

Mard ayollar — Marhabo Karimova

Mard ayollar

Jannat oyog‘ining ostida bo‘lsin.
Noto‘g‘ri o‘ylamang yomon xayollar.
U shunday bokira, ko‘nglingiz to‘lsin.
Ba’zi bir erkakdan marddir ayollar.

Qarang go‘zalligi faqat siz uchun.
Ozorlab dilini bermang savollar.
Yashaydi ro‘zg‘oru o‘g‘il — qiz uchun.
Ishyoqmas erkakdan jasur ayollar.

Boshida oq tola dunyoning g‘ami.
Bardoshi oltindan tilida bollar.
Sizga bildirmaydi ko‘zida nami.
Dardini ichiga yutgan ayollar.

Vafo yuragida sadoqat qalbi.
Axdi yuksak erur labzi xalollar.
Sizga ishongani, aldangan, aybi…
Nomard erkaklardan marddir ayollar…

Ayolni ranjitmang, ranjimang aslo.
Siz uchun bo‘lmasin ishqi uvollar.
Farishta jonini asraydi Olloh.
Bazi erkaklardan erkak ayollar.

Daryosan ayol — Olimjon Rahimov

Daryosan ayol

Kimki boqsa ko’zlaringga ziyosan, ayol,
Go’yo gulsan, sertabassum ibosan, ayol,
Qoshlaringga, ko’zlaringga nur bersa ham tun,
Dili poku mo’jizakor samosan, ayol!

Yetti xil rang kamalakdan, gullardan,
Ifor olgansanu musaffosan, safosan, ayol!
Ohu kabisi nafissanu, noziksan, hurkak,
Bolariga bol bergan — turfa gulsan ayol!

Bulbul bo’lgan ovozingdan andoza bilsam,
Gullar aro mayin esgan sabosan, ayol!
Sochlaringni havas qildi majnuntol ko’rib,
Uyaldimi, qochdi lola, jafosan, ayol!

Kimdan olding sadoqatni, kim ulashdi ishq,
Ishqingda kim ado bo’lsa, fidosan ayol!
Qachon ko’rsang Rahimiyni, erka qushman deb,
Har sohada javlon urgan daryosan, ayol!

Ayollarni madh etuvchi sher

Ayollarni madh etuvchi sher

Dunyoning g’amini yutguvchi, ayol!
Olamda muhabbat tutguvchi, ayol!
Sadoqatla birga rafiqa bo‘lib!
Eridan shirin so’z kutguvchi ayol!

Farzandiga mehr berguvchi, ayol!
Ranjitsangiz qahr qilguvchi, ayol!
Ko’zlardagi g’amni biluvchi, ayol!
Borini muhayyo qilguvchi ayol!

Ko’zidan chiqarmang hech qachon ko’z yosh!
Alamdan yonsa ham bermoqda bardosh!
Go’zallardan go’zal kamon qalamqosh!
Onamiz, singlimiz, opamiz ayol!

Ona allasi matni va alla haqida sherlar

Ayolga baxt bering

Ayolga baxt bering

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Gar ko‘zlari kulib tursa-da,
Bo‘g‘zining ostida necha ming hasrat,
Oy yuzlari kulib tursa-da…

Ko‘nglini ko‘taring hech bo‘lmaganda,
Qo‘lini silashga shafoat toping.
Yig‘lab turganida hech bo‘lmaganda,
Yoshini artishga muruvvat toping.

Nogoh yerga tushsa oppok ro‘moli,
Bosib o‘tmaslikka shafoat toping.
Chaqaloq yalagan etaklarini
Toza deb aytishga adolat toping.

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Illohi nur toping, hidoyat toping.
Illohi baxt bergan ayol yonidan
Baxtiyor o‘tmokqa inoyat toping.

Illohi qalqonsiz, illoh qo‘rg‘onsiz
G’iybatlar yirtmasin ko‘ylakkinasin.
Illohi hushyorsiz, illoh bedorsiz,
Itlar tishlamasin yurakkinasin.

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Tog‘ qimirlab, toshlar so‘zga kirsa-da,
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Oltmishga kirsa-da, yuzga kirsa-da.

Ayolga pul bering — Zulfiya Mo‘minova

Ayolga pul bering

Ayolga pul bering, shunday pullarki,
Erkaklar yashirib yurgan pullardan.

Ayolga pul bering, shunday pullarki,
Choyxonani kutib turgan pullardan.

Ayolga pul bering, o‘ziga emas,
Ro‘mol olmoqchidir qaynonasiga.

O‘g‘liga planshet, qiziga kitob,
Nosvoy olmoqchidir qaynotasiga.

Ayol pul so‘rasa bo‘lmang darg‘azab,
Busiz ham qaltirab turadi yurak.

Uyga mehmon kelar pista-yu bodom,
Dasturxonga banan, apelsin kerak.

Ayol pul so‘rasa bo‘ling Hotamtoy,
Sizlarga yor bo‘lsin xush kayfiyatlar.

Ey siz baraka boshi, ey boy otalar.
Muhtaram erkaklar, valine’matlar.

Erkak uchun pul — qo‘l kiri emish,
To‘kilar restoran, mayxonalarda.

Erkak qo‘lin yuvar ikki kunda bir,
Bir-biridan go‘zal choyxonalarda.

Erkak pul sarflasa ko‘cha ko‘ylarda,
Cho‘ntakda shamollar sayr etib yurar.

Pullari ko‘chada qolgan uylarda,
Sichqonlar hassaga suyanib turar.

Erkak pul sarflashga ustasi farang,
Chorlar sinfdoshlar, bir kun jo‘ralar.

Bir kuni kasbdoshlar, do‘stlar, ulfatlar,
To‘planar kursdoshlar, mardlar, to‘ralar.

Ayol-chi? Ayol bir so‘m topsa tugar o‘n joydan,
Borini oshirar eplar, uch-uchlar.

Eri tashlab ketgan yirtiq pulni ham,
Ko‘ziga surtadi, yamar, sukochlar.

Ayolga pul bering, so‘raganida,
Ayolga pul bering, bo‘lmasdan baxil,

Ayolga pul bersangiz uch-to‘rt kun o‘tmay,
Sizga Xudo berar, mana men kafil.

Ayol zotiga

Ayol zotiga

Tabassum yarashar ayol yuziga,
Quloq tuting gar g’am cheksa ohiga,
Ayolni qadirlang, ayolni asrang,
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

Axir ayol ona, mexribon singil,
Gar ayol bo’lmasa to’lmaydi ko’ngil.
Ayol qalbi nozik misoli bir gul,
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

Istasa bir chimdim mexr istaydi.
O’zi mehr bersa minnat qilmaydi.
Ranjitmang ko’ngliga qil ham sigmaydi.
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

Ko’ngliga yo’l toping sof niyat bilan,
Dilini og’ritmang ko’p g’iybat bilan,
Yomonga chiqarmang bir tuxmat bilan,
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

Ayolni ezozlang ko’ngliga qarab,
Sizni duo qilar tongda ertalab,
Axir ko’p bajarilishini talab qiladi,
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

Mehr ko’rmagan ayol

Mehr ko'rmagan ayol

Guldek turib so’ligan,
Mag’rur qaddi bukilgan.
Umidlari uzilgan,
Mehr ko’rmagan ayol!

Ko’zlarida tomchi yosh,
Tugagan unda bardosh.
Og’ir tuyuladi bosh,
Mehr ko’rmagan ayol!

Farzand deb yashagan u,
Yosh bo’lib qaridiku.
Hayotida yo’q yog’du,
Mehr ko’rmagan ayol!

Erkalikni bilmaydi,
Noz karashma qilmaydi.
Unda barchasi mayli,
Mehr ko’rmagan ayol!

Fikirlamas ayoldek,
Shirin emas u boldek.
O’qib bo’lgan kitobdek ,
Mehr ko’rmagan ayol!

Buyum kabi yashaydi,
Yolg’izlikni istaydi.
Zarra mehr qumsaydi,
Mehr ko’rmagan ayol!

Hayot rangsiz tuyular,
Qolmas unda tuyg’ular.
Shunday yashaydi ular,
Mehr ko’rmagan ayol!

O’ziga yo’q e’tibor,
Turmushda ko’rgan ozor.
U ham mehrgadir zor,
Mehr ko’rmagan ayol!

8 mart bayramiga sherlar to‘plami

Ayolning tabiati

Ayolning tabiati

Ayolning tabiati,
O‘xshaydi ob-havoga.
Masala formulasi,
Ayon yolg’iz Hudoga.

Quyosh chiqsa, sal o‘tmay,
Yog’ib berar «jala», «do‘l».
«Yomg’ir», «qor»i mayliku,
«Bo‘ron»i dan ogoh bo‘l!

Bir og’iz shirin so‘zga,
Bo‘lib berar kamalak.
Ranglarin jilosidan,
Yorishar osmon-falak.

Eri sal gapga so‘ksa,
Do‘q ursa onasidan.
Alamin olar, o‘ynab,
O‘tirgan bolasidan. —
Uyni nega yoyasan,
Gilamni qilibsan ho‘l.

Jim bo‘l, o‘chir, zumrasha,
Otangga o‘xshamay o‘l!
Ana boshlandi yomg’ir,
Qorga aylanmasa bas.

Bolalar jim, va hatto
Pashshadan chiqmaydi sas.
Qozon tovoq taraq-tuq,
Bir-ikki kosa sindi.

Bitta qo‘ng’iroq bilan,
Bir zumda yomg’ir tindi. —
Kechir, gulim, ertalab,
Ko‘ngling og’ritib qo‘ydim.

Aybimni yuvish uchun,
Syurpriz olib qo‘ydim.
Ana, olam guliston,
Quyosh chiqdi charaqlab.

Ovqat tayyor, uylar ham,
Tozalandi yaraqlab.
Bolalar ham aylandi,
Zumrashadan poshshoga.

Va hattoki, jon kirdi,
Pisib yotgan pashshaga.
Eh,erkaklar, tilingiz,
Shirin so‘zdan tolmasin.

Jabriga bolalariz,
Qor, yomg’irda qolmasin!)

  1. farangiz:

    SHERLAR JUDAYAM ZOR CHIQGAN SHUNAQA SHERLARDAN YOZIB TURINGLAR.

    • UzBaza.uz:

      Farangiz assalomu alayko’m. Aytingche ayollar haqidagi aynan qaysi sher sizga ko’proq maqul keldi?

    • Hilola:

      Menga bu sherlar judayam yoqdi. Sayt ijodiga omadlar tilayman.

    • Leila:

      Ayollarimizga atalgan juda zo’r sherlar bor ekan-a.

    • Sabina:

      Sherlarning bari har biridan go’zal, menga hammasiham yoqti, ayollar haqidagi ushbu sherlar uchun tashakkur izhor etaman.

  2. Farangiz:

    Bara topingizlar ayollar haqida juda zo’r sherlar bor ekan. Kimga qaysi sher yoqdi? Qani ayollar faol qatnashamiz.

  3. Gulsanam:

    Ayollar haqida yozilgan ushubu sherlar juda zo’rku manga yoqdi. Sayt ijodkorlariga omad tilayman.

  4. Nargiz:

    Hamma sher manoli, menga yoqdi, tadbir bayramlar uchun foydalansa ham bo’ladi, zo’r sherlar bu yerda juda ko’p ekan.

  5. Dilorom:

    Kattakon rahmat. she’rlar juda zo’r. menga va farzandlarimga yoqdi.

  6. Gulmira:

    Ayollarimizga atalgan sherlar bag’oyatda jozibador tarzda yozilgan ekan.

  7. Hilola:

    Menga sherlar judayam yoqdi. Sayt ijodiga omad tilab qolaman.

  8. Dildora:

    Barchaga assalomu alayko’m. Iltimos yolg’iz ayollar haqidaham sher yozib beringlar.

  9. Gulhayo:

    Judayam ajoyib sherlar. 8 mart tadbirimga foydalandim. Juda tasirli chiqdi.

  10. Otabek:

    Sherlarga gap yo’q ekan zo’r. Ayollarimiz doimo bizni baxtimizga sog’ bo’lsin.

  11. Jasmina:

    Mard ayollar haqidagi she’rga gap yo’q ekan, umuman olganda saytga besh baho.

  12. Feruza:

    She’rlar juda ajoyib. Ayollarni yana bir bor qadrlash tuyg’usini uyg’otadigan misralar uchun shoirlarimizga ham, saytga ham kattakon rahmat.

  13. Sabohat:

    Menga juda ham sherlar yoqdi, ona haqidayam shunga o’xshash sherlar bo’lsa iltimos saytlarga yozib qoldiring, oldindan rahmat.

Fikringizni bildiring

Mavzuga doir fikringizni batafsil yozib qoldiring! Обязательные поля помечены *