Atirgul haqida sara sherlar to‘plami

Atirgul haqida sherlar to‘plami. Ushbu sahifada atirgul haqida eng sara sherlar to‘plami o‘rin olgan bo‘lib. Barcha sherlar bilan birin-ketin tanishib chiqishingiz mumkin.

Faqatgina atirgul

Atirgul haqida sherlar

Gullar oqshom chog‘ida, o‘yga tolar emishlar,
Quyosh botgan tarafga, qarab qolar emishlar.

So‘ng barchasi subhidam, sal iymanib, nozlanib,
Quyoshni kutar emish, sharq tomonga yuzlanib.

Faqatgina atirgul, sog‘inch dog‘lab ko‘ksini,
Quyoshi ketgan yo‘ldan olmas emish ko‘zini.

Ters tomondan kun chiqqach, to‘lib shabnam — ko‘zyoshga,
Hayratu araz bilan qayrilarmish quyoshga.

Men bir — safar odami, yo‘lda kechar hayotim.
Gulim, dilda yonadi bir iltijo, bir dodim.

Bu dunyoda yo‘l ko‘pdir, Gulim, umrim — xayoldan:
Gohi janubga botib, chiqadirman shimoldan.

Atirgulim — sevgilim, men qaylarda yelmayin,
Ketib qaysi ko‘chadan, qaysi yo‘ldan kelmayin.

Ko‘zlaringni qadab qol quyosh yanglig‘ dilimga,
Kelgunimcha qarab qol, jo‘nab ketgan yo‘limga.

Ona allasi matni va alla haqida sherlar

Atirgul bog‘ to‘rida

Atirgul bog‘ to‘rida

Bog‘ to‘rida atirgul, ayt shoxing kim sindirdi,
Gullar ichra rano gul, hayoting kim tindirdi.
Yaproqlaring qolipti gul shoxidan ayrilib,
Sening bag‘ring bo‘zlatib, kim bag‘rini to‘ldirdi.

Nashtarlaringdan qo‘rqmay, yovuz qo‘llar keldimi?
G‘uncha gullar ochilmay sovuq shamol yeldimi?
Ayt taqdirning bitigi, senga shunday bo‘ldimi?
G‘unchalaring ochilmay hayoting kim so‘ndirdi?

Orzuying armon bo‘lib, ushalmayin qolgandir,
Ajalning qaysi o‘qi, seni nishon olgandir.
Balki endi yashashdan, ko‘ngilginang qolgandir,
Ex atirgul, atirgul ayt shoxing kim sindirdi.

Bir kun kelib sen g‘arib, g‘unchalaring ocharding,
Havasimni keltirib, iforlaring socharding.
Lek tabiatdan sen ham mendek nochor yaralding,
Jonim gulim atirgul, ayt shoxing kim sindirdi.

Taqdiringning bitigi shunday bo‘lsa netarsan,
Yovuzliklardan sen qochib, qayerlarga ketarsan.
Ko‘zlaringda marjon yosh, dilni vayron etarsan,
G‘aribginam atirgul, ayt seni kim so‘ndirdi.

Unut barcha armonni, yonma nafrat dog‘ida,
Ayla diling nurafshon, sayr et jannat bog‘ida.
Do‘st bo‘laylik ikkimiz, go‘zal yoshlik chog‘ida,
Munisginam xush atring armonlarim o‘ldirdi.

Qurib ketdi atirgul

Qurib ketdi atirgul

«Qursin, — dedik, — ishqimiz!»
Qurib ketdi, atirgul.
Ikki qalbni bir sovuq
Urib ketdi, atirgul.

Bariga sen sababchi,
Ne qilarding o‘y buzib.
Bebayram kun bayram, deb,
Berdim seni «chirt» uzib.

Ko‘zlarini ko‘rdingmi?
Yomon boqdi, atirgul.
Qarsillatib qo‘sh qalbga,
Olov yoqding, atirgul.

Bir zum neni o‘yladi,
Ne ko‘rindi ko‘ziga?
Tanasi bir seskanib,
Kelib oldi o‘ziga.

Eski qizmas, men bilgan,
Yangi kelin edi u.
«Ishqimiz-chi?» — dedim men,
«Ishqimiz-chi?» — dedi u.

«Qursin, — dedik, — ishqimiz!»
Qurib ketdi, atirgul.
Ikki qalbni bir sovuq
Urib ketdi, atirgul.

Yarmiga sen sababchi.
Yarmiga men sababchi.

Gul haqida sherlar to‘plami

Atirgulni yo‘qlab bormog‘im

Atirgulni yo‘qlab bormog‘im

Hayotmi bu, yo sirli ertak.
Yoki bilmam, bir shirin tushdir:
Kipriklarim otmoqda kurtak.
Qoshlarimga shudringlar tushdi.

Ko‘zim buloq singari toza.
Gulga kirdi har bir barmog‘im.
Bog‘da birdan bo‘ldi ovoza –
Atirgulni yo‘qlab bormog‘im.

Kuy boshladi sozanda bulbul.
Jarchilarim – chittak va kakku:
«To‘y boshlandi!
Ey, do‘st, o‘ynab-kul,
Axir, yashab qolish kerak-ku…»

Sovchi bo‘ldi oppoq kabutar.
Kuyovjo‘ra – qora qaldirg‘och.
Gul qizarib, bezanib kutar –
Boshida dur yaltiragan toj.

Yo‘limizga sochilar gulbarg,
Musichalar qilishar duo.
Ota uyin qilar ekan tark,
Ko‘zyosh to‘kar Atirgul… Shu on –

Dugonasi – qizg‘aldoq bilan.
Pichirlashar, bilmayman, neni.
Hozirdanoq yuz aldoq bilan
O‘z izmiga solmoqchi meni.

Mayli,
Gulga bo‘ysinsam – aybmas,
Titrab turar nozik vujudi.
Buncha xushbo‘y! Sirini aytmas,
Suvmas, atir ichganday xuddi.

Yashayapman –
Ming yil, yo bir on:
Vaqtning menga nisbati yo‘qdir.
Anglab yetdim: sevsa gar inson –
Malak!
Boshqa qismati yo‘qdir.

Shu savdoki – boshimga tushdi,
Shu sharafga loyiq ko‘rdi Haq:
Ehtimol, bu bir shirin tushdir,
Balki, afsun yoki bir ertak.

Atirgulni singan yaprog‘i

Atirgulni singan yaprog‘i

Suv yuziga to‘kildi asta
Atirgulning singan yaprog‘i.
Ega chiqdi unga bir pasda –
Tillaqo‘ng‘iz ayni tong chog‘i.

Jildiraydi musaffo ariq.
O‘ynab oqar sahar qo‘ynida.
Gul yaprog‘i – eng nafis qayiq
Qalqir quvnoq yel o‘yinida.

Suvni o‘pgan giyohlar – ko‘prik,
Sohilda qo‘l silkir xonqizi.
Ko‘zlarimdan to‘kilgan kiprik
Eshkak bo‘lar… Xavfli oqizib.

Aylantirar mitti girdoblar.
Tillaqo‘ng‘iz – mohir dengizchi.
Sabotini, san‘atin toblab,
Davom etar yo‘lida izchil.

Pisand emas xaslar to‘sig‘i.
Pisand emas qaltis burimlar.
Yelkan qilar yellar qo‘shig‘in.
Olislarda sevgisi imlar.

Ufq qa‘rida – u suygan qo‘ng‘iz,
G‘arq bo‘lmaydi quyqa gumonga.
To yor ekan shunday go‘zal his.
Yetishajak bir kun ummonga.

8 mart bayrami uchun sherlar to‘plami

Atirgulni bandini kesdim

Atirgulni bandini kesdim

Atirgulning bandini kesdim,
Qon sachradi yuzimga bexos.
Seskandim-u… qismatim sezdim,
Qiyin bo‘lar endi menga, rost.

Tushlarimga kiradi bu gul,
Xo‘rsinadi, ma‘yus entikar:
Yaprog‘lari to‘kilmish butkul,
Ko‘zlarimga qadaydi tikan.

Pichoq izi – tuzalmas yara,
Silqib turar ohi, ingrari.
Meni ta‘qib qiladi yana,
Boshi ketgan shahid singari.

Girdoblarga otadi o‘zin,
Suv oqizgan gulbargin izlab.
Yoshga to‘lar sohilda ko‘zim,
Uvol ketgan g‘unchani eslab.

Axir, senga qilgandim tuhfa,
Tilagandim yolg‘iz muhabbat.
Orzum edi: u bilan uxlab,
Tushlaringda meni ko‘r faqat.

Sen-chi, bag‘ring tosh ekan, dilbar,
Qanday og‘ir gunohga botding –
Latif g‘uncha qadrini bilmay,
Loyqa ariq qa‘riga otding.

Endi meni qo‘ymaydi bu gul,
Endi menga abadiy raqib.
Tushlarimni to‘zg‘itadi ul,
To o‘lguncha qiladi ta‘qib.

Bir kun o‘lsam…
To‘lg‘onar qabrim,
Toshib chiqar mushkin anduhi.
Ayamasdan sochadi atrin
Atirgulning bezovta ruhi!

Atirgul labidagi shabnam

Atirgul labidagi shabnam

Yonarqurtday turibdi dilda –
Tegrasiga taratib ziyo.
O‘rmalaydi – ilashsa tilga,
Yulduz kabi nur sochar go‘yo.

Atirgulning labidagi pok
Shabnam yanglig‘ balqib turar u.
Tushar bo‘lsa yovvoyi nigoh,
Silkinadi – qalqib turar u.

Qizlar ismiga sherlar to‘plami

Yorug‘ So‘z u. Qadr kechasi –
Malaklarning og‘zidan tushgan.
Shoirlarning necha-nechasi
Uni faqat ko‘rmishdir tushda.

Men ham yolg‘iz unga ishonib
Olgan edim qo‘limga qalam.
Qaro tunda – o‘sha nishonim,
Shu‘lasida tashlayman qadam.

Agar bo‘g‘sa zim-ziyo kecha,
Agar zulmat olaytirsa ko‘z
Sherim o‘qing… Lahzada kechar
Dilingizga ushbu yonarso‘z.

  1. Ziyobek:

    Atirgul haqida juda ajoyib sherlar to’plami bor ekan. Sizlarni barchalaringizga omad tilab qolaman.

Fikringizni bildiring

Mavzuga doir fikringizni batafsil yozib qoldiring! Обязательные поля помечены *