Mevalar va Sabzavotlar haqida qiziqarli malumotlar

Meva va sabzavotlarda organizmning normal faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab vitaminlar borligini yaxshi bilamiz. Biroq har bir meva yoki sabzavotning alohida xususiyatlari hammaga ham ma’lum bo‘lmasligi mumkin. Maqolada ular haqida qiziqarli va foydali malumotlarni hamda sabzavotlar tarixiga oid faktlarni bilib olasiz.

Sabzavotlar va mevalar haqida qiziqarli malumotlar

Sabzavotlar tarixi haqida malumot

Biz har kuni turli xil sabzavot iste’mol qilamiz. Foydali vitamin va ozuqa manbai bo‘lgan sabzavotning ham kelib chiqish tarixi borligini ko‘p ham fikr qilavermaymiz. Sabzavotlarning ayrimlarini ajdodlarimiz juda qadim zamonlarda madaniylashtirgan bo‘lsa, yana ayrimlari bilan odamlar yaqin uch-to‘rt asr muqaddam tanishgan xolos. Quyida bizga yaxshi tanish bo‘lgan va ozuqa manbai sifatida taomlarimizga qo‘shadigan sabzavotlarimiz tarixi haqida qisqacha hikoya qilmoqchimiz.

Tarixchilar odamlar sabzavotlarni ekish va o‘stirishni odamzot hali tosh asridayoq o‘zlashtirgan deyishadi. Avvaliga ibtidoiy odamlar shunchaki yovvoyi holda o‘sib turgan meva va sabzavotlarni iste’mol qilgan. Keyinchalik ularning urug‘ va danaklarini saqlab, ekib ko‘paytirish orqali asta-sekin dehqonchilikka o‘rganishgan. Vaqt o‘tishi bilan esa ekilayotgan narsalarning eng yaxshilari, hosildor, shirin va dorivorlari saralanib, seleksiya jarayoni amalga oshib borgan. Shu tariqa uzoq asrlar davomida odamlar sabzavotlarni biz bilgan bugungi ko‘rinishga keltirdi.

Anor mevasining foydali xususiyatlari

Kartoshka — Bugun aksar taomlarni kartoshkasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biroq kartoshka biz taraflarga yaqin ikki asr muqaddam kirib kelgan xolos. Uni avvaliga noma’lum zamonlarda Janubiy Amerika hindulari madaniylashtirgan. Yevropaga esa birinchi marta 1565-yilda ispan dengizchilari keltirgan.

Kartoshka tarixi haqida malumot

Avvaliga yevropaliklar bu o‘simlikni ozuqa manbai sifatida emas, balki dekorativ o‘simlik sifatida o‘stirgan. 1800-yilda ham hali Yevropada kartoshka noyob narsa sanalgan va odamlar bayramlarda uni bir-biriga sovg‘a qilgan. 1830–1840-yillarda esa Yevropaning ayrim mamlakatlarida dehqonlar kartoshka ekishga majburlangani uchun g‘alayonlar ham bo‘lib o‘tgan. Uni yomon ko‘rib qolgan fermerlar “jinni olma” deb ham atagan. Hozirda esa bu eng ko‘p ekiladigan ekinlardan biridir.

Pomidor — Pomidor ham Janubiy Amerikadan keltirilgan. Hozirda ham yovvoyi pomidor o‘simligini Peru changalzorlarida uchratish mumkin. Pomidorni ham XV asrda ispan kemalari Yevropaga keltirgan bo‘lib, bu ham avvaliga dekorativ o‘simlik sifatida tuvaklarda o‘stirilgan. XIX asr boshlarida ham pomidorni zaharli deb o‘ylashar edi.

AQSh prezidenti Jorj Vashingtonning dushmanlari uni zaharlab o‘ldirish maqsadida pomidor yedirgani ma’lum. Hozirda har bir xonadonda tuzlama va shakarobdan muqim o‘rin egallagan pomidor faqat XIX asrning ikkinchi yarmidan keyin ozuqa sifatida ommalasha boshlagan.

Sabzi — Sabzi eng qadimdan ma’lum ildizmeva sabzavotlardan biridir. Uni odamlar bundan 4 ming yil avval ham iste’mol qilgan. O‘rta asrlarda sabzining bir necha navi yaratilgan. Xususan, XVII asrda sabzining eng yaxshi navlaridan biri – karotel olingan edi. U deyarli hamma taomlardan o‘rin oladigan muhim ozuqa manbai bo‘lgan. Frank imperatori Buyuk Karlning eng yaxshi ko‘rgan narsasi sabzi bo‘lgani manbalarda yozilgan.

Sabzi ildizmeva sabzavotlardan biridir

Qizig‘i, sabzini avvaliga ildizmevasini emas, barglari va urug‘ini ziravor sifatida iste’mol qilishgan. Uning vatani sifatida hozirgi Afg‘oniston hududi e’tirof etiladi. Sabzi yetishtirish bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda yetakchi mamlakatlar qatorida turadi. Xususan, 2016-yil statistikasiga ko‘ra, O‘zbekiston sabzi yetishtirish borasida Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinni egallagan.

Sarimsoq — Sarimsoq ham eng qadimdan iste’mol qilinadigan sabzavotlar qatoriga kiradi. Uni qadimgi Misrda va Xitoyda yaxshi bilishgan. Xususan, Xeops ehromida sarimsoq tasviri mavjud. Uni albatta noxush hidi tufayli ko‘pchilik xush ko‘rmaydi.

Qadimda sarimsoqni dorivor xususiyatlari uchun ham alohida ekib, ko‘paytirishgan. Rimliklarda esa sarimsoq harbiy yoki siyosiy mavqega ega bo‘lmagan, oddiy fuqaroning taomi sifatida qaralgan. Zodagonlar esa sarimsoq iste’mol qilishgan tiyilgan. Sarimsoqning vatani O‘rta Osiyo deb qabul qilingan.

Piyoz — Piyoz ham juda qadimdan ma’lum ozuqadir. Uni qadimgi Misr aholisi juda ardoqlagan. Yunonlar esa piyozni ilohiy o‘simlik deb bilgan. Uning qavat-qavat ichki tuzilishini Koinot tuzilishiga, ya’ni osmon qavatlariga qiyoslashgan. Yunonlarning dala va o‘rmonlar ma’budi Pan ham piyozboshi ko‘rinishida tasvirlangan.

Piyoz qadimdan ma’lum ozuqadir

Shunga qaramay, zodagon rimliklar singari, zodagon yunonlar ham piyoz iste’mol qilishni o‘ziga ep ko‘rmagan. Uning o‘tkir hidi og‘izdan noxushlik keltirib chiqargani bunga sabab bo‘lgan. Aksincha, rimliklarda esa kishining ijtimoiy darajasidan qat’i nazar, deyarli hamma piyozni ko‘p iste’mol qilgan. Piyozning vatani hozirgacha aniq belgilanmagan.

Loviya — Loviya haqidagi ilk yozma manbalar miloddan avvalgi 2800-yillarda taalluqli Xitoy solnomalarida uchraydi. O‘shanda xitoyliklar loviyani guruch bilan qo‘shib qaynatish orqali taom tayyorlash haqida bitik bitgan. Zamonaviy Peru va Meksika hududlarida yashagan qadimgi hindular esa bundan 5 ming yil muqaddam ham loviya iste’mol qilgani aniqlangan.

Rimliklar esa loviyani terini yoshartiruvchi kosmetik vosita sifatida ko‘proq ishlatgan. Biroq Yevropada loviya Kolumbning Amerikaga sayohatlaridan keyingina ommalashgan. O‘shanda ispan kemalari Markaziy Amerika mintaqasidan loviyaning ko‘plab turlarini urug‘ini olib kelib, ko‘hna qit’ada ekish boshlab yuborilgan.

Mevalar va sabzavotlar haqida sherlar

Bodring — Bodringning vatani Hindiston deb aytiladi. Haqiqatan ham, Hindiston changalzorlarida hozirda ham bodringning yovvoyi turlari o‘sadi.

Bodringning vatani Hindiston

Bundan 3 ming yil avval yozilgan hind manbalarida bodring iste’moli haqida qaydlar mavjud. Shuningdek, misrliklar ham bodringni yaxshi bilgani turli yodgorliklardagi bodring tasviri orqali ma’lum bo‘ladi. Yunonistonda esa butun boshli shahar Sikion, ya’ni “bodring shahri” deb atalgan. Bu shahar mamlakatni bodring bilan ta’minlagan bo‘lsa kerak.

Qalampir — Qalampirning vatani sifatida Janubiy Amerikaning tropik mintaqalari tan olingan. Peru hududidan topilgan ayrim sag‘analarda odam suyaklari yonida qalampir qoldiqlari ham aniqlangan. Peruliklar qalampirga ilohiy tus berib, uni marhumlar bilan birga ko‘mgan bo‘lsa kerak. Hozirda ham Chili qalampiri yovvoyi holda Janubiy Amerikada ko‘p o‘sadi. Qalampirni ham ko‘hna dunyoga Kolumb kemalari keltirgan degan qarash mavjud. Kolumb kemasi bort jurnalida 1493-yilning 15-yanvar kuni Gaiti orolida achchiq mevani yeb ko‘rgani yozilgan.

Karam — O‘rta Yer dengizi havzasi atrofida yashaydigan xalqlar taomnomasida karam juda qadimdan buyon mavjud. Shunga e’tiboran, karamning vatani ushbu dengiz sohillari sanaladi. U deyarli 4,5 ming yildan beri ratsionimizni boyitib kelmoqda. Xususan, qadimgi yunon faylasufi va botanigi Teofastning asarlarida karamning navlari haqida batafsil yozilgan.

Karamning vatani o'rta yer dengizi

Afina dehqonlari yetishtiradigan uch xil karam navining dorivor xossalarini Teofast mufassal yozib chiqqan edi. Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida ham karamning shifobaxsh xususiyatlari juda keng qamrovli yoritilgan bo‘lib, u orqali o‘rta asrlarda yevropaliklar karamni dorivor ozuqa sifatida juda ko‘p targ‘ibot qilgan.

Lavlagi — Lavlagi bundan 2 ming yil avval Old Osiyo (hozirgi Turkiya) hududida madaniylashtirilgan. Uning vatani sifatida esa O‘rta Yer dengizi orollari qayd etiladi. Lavlagining yovvoyisi hozirda Eron hududida uchraydi. Qadimgi Eronda lavlagi janjal va g‘iybat ramzi bo‘lgani ham qiziq. Uni forslar faqat tabib tavsiya etganda, dori sifatida iste’mol qilgan ekan.

Faqat miloddan 800 yilcha avval uni Old osiyolik dehqonlar yirik miqdorlarda ekib, ozuqa uchun ishlata boshlagan. Qadimgi Yunoniston va Rimda ham lavlagi keng iste’mol qilingan. Imperator Tiberiy bo‘ysundirilgan german qabilalariga har yili muayyan miqdorda lavlagi keltirish majburiyatini qo‘ygani ma’lum. Aynan shu sababli Germaniyaning Reyn daryosi vodiysida lavlagi ekish hozirgacha juda rivojlangan.

Meva va sabzavotlar haqida qiziqarli malumotlar

Sabzi — organizmda A vitaminiga aylanadigan karotinga boy. Bundan tashqari, bu sabzavot tarkibida C, B, D, E vitaminlari, minerallar va turli mikroelementlar bor. Grechka yormasida B, E, PP va mineral komponentlari boshqa yormalarga qaraganda 1,5—3 marta ko‘proq uchraydi. Juda kerakli aminokislotalarga boy ekanligi bo‘yicha grechkadagi oqsil hayvon mahsulotlariga o‘xshashdir.

Gilos — jigar va buyraklar ishini tezlashtiradi, qon aylanishini yaxshilaydi. U odamga tetiklantiruvchi va umumiy quvvat beruvchi moddalarga ega. Shuningdek teri salomatligini yaxshilaydi.

Gilos jigar va buyraklar ishini tezlashtiradi

Bodring — ovqat hazm qilishni tezlashtiradi, ichaklarni tozalaydi, suv-tuz balansini normallashtiradi, terini tozalaydi, peshob haydaydigan vosita sifatida ta’sir qiladi, moddalar almashinuvini tezlashtiradi. B va C guruhidagi vitaminlarga boy.

Apelsin — sharbati organizmning barcha funksiyalarini faol harakatga keltiradi, moddalar almashinuvini yaxshilaydi, tetiklantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Markaziy asab tizimi faoliyatiga yaxshi ta’sir qiladi, chanqoqni ham yaxshi bosadi.

Apelsin sharbati organizmni harakatga keltiradi

Brokkoli — yurak-qontomir va saraton kasalliklari paydo bo‘lishi xavfini pasaytiradi. Bu sabzavot kalsiyga juda boy (har 100 grammida 47 mg kalsiy bor).

Sabzavot va Poliz ekinlari haqida topishmoqlar

Loviya — uning tarkibida yengil o‘zlashtiriladigan oqsillar bo‘lib, ularning miqdori bo‘yicha ushbu don go‘sht va baliqqa o‘xshash. Bundan tashqari, loviya tarkibida turli kislotalar, karotin, C, B1, B2, B6, PP vitaminlari mavjud.

Loviya tarkibida oqsillar bor

Banan — avvalo kaliy manbai bo‘lib hisoblanadi. Kaliy jigar, yurak, suyaklar, miya, tish va mushaklar uchun zarurdir. Banan organizmga kishini bo‘shashtiruvchi va kayfiyatni ko‘taruvchi serotonin ishlab chiqarishga yordam beradi.

Qulupnay — Qulupnaydagi 50 ga yaqin xushbo‘y moddalar kishiga yaxshi kayfiyat va tetiklik baxsh etadi. Bundan tashqari, u C vitaminiga boy. Besh dona qulupnayda bitta katta apelsindagiga teng C vitamini bor.

Sog’liq uchun eng foydali 7 ta sabzavot turlari

Sog‘liq bo‘lsa bas, boshqa hamma narsa o‘z-o‘zidan bo‘laveradi, degan gapni kundalik hayotimizda tez-tez eshitamiz. Kayfiyatning yaxshiligi, rejalashtirilgan ishlarning amalga oshishi, maqsadlar tomon aktiv tarzda intilish – barchasi juda katta ma’noda jismoniy va ruhiy salomatligimizga bog‘liqligi rost.

Salomatligimizning davomiyligi esa asosan o‘z qo‘limizda! Aslini olganda, o‘zbek dasturxoni turli xil sog‘lik uchun foydali bo‘lgan ne’matlarga to‘la. Ammo biz e’tibordan chetda qoldiradigan ba’zi tabiat in’omlari ham borki, ularni muntazam ravishda iste’mol qilish qanchalik foydali ekanligini quyida biz bilan o‘rganasiz.

Sog'liq uchun eng foydali sabzavotlar

Ismaloq — Nega multfilm qahramoni Dengizchi Papay kuch yig‘ib olish uchun faqat ismaloq tanovul qilgan deb o‘ylaysiz? Bu o‘simlikning foydali xususiyatlaridan ajdodlarimiz ming yillardan buyon bahramand bo‘lib kelishgan. Ismaloq vitamin K, vitamin A, marganets, temir moddasi, magniy, kalsiy, fosfor, rux, vitamin C, E va B2, folat, protein kabi yurak kasalliklariga, oshqozon, ko‘krak, prostata hamda teridagi saraton (rak) kasalligiga qarshi kurashuvchi 12 xildan ortiq vitaminlarga ega. Bundan tashqari, ismaloq yuqori qon bosimi, ko‘z va ko‘rish muammolarini kamaytirib, suyaklarning mustahkamligini ham oshiradi.

Maslahat: Ismaloq tarkibidagi barcha vitaminlarni saqlab qolish uchun, uni xomligicha (salatlarga solib) iste’mol qilgan ma’qul. Lekin o‘zbekcha somsa yoki mantida ham vitaminlarning asosiy qismi saqlanib qoladi.

Zanjabil — Dastlab Xitoy va Hindistonda, keyinchalik Yevropa mamlakatlarida ham bir necha ming yillardan beri kulinariya va tibbiy maqsadlarda ishlatilib kelinayotgan bu o‘simlik tomiri turli vitamin va minerallarga boy bo‘lib, iste’mol qilinganda quyidagi juda foydali tomonlarni o‘zida mujassam etadi:

  • Zanjabildan tayyorlangan choy homilador ayollarda uchraydigan ko‘ngil aynishini bolaga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmagan tarzda bartaraf etadi;
  • Zanjabildan tayyorlangan choy tomoq og‘rig‘i, grip va shamollashga davo bo‘ladi;
  • Oshqozon-ichak yo‘llaridagi yallig‘lanishlarni davolaydi;
  • Hazm qilishga yordam berib, qorin damlashini bartaraf etadi;
  • Artrit sababli tizzalarda paydo bo‘lgan og‘riqni kamaytiradi;
  • Sport yoki og‘ir mehnatdan keyin muskullarda paydo bo‘ladigan og‘riqlarni, qizlarda hayz paytida uchraydigan og‘riqlarni yengishda yordam beradi;
  • Tanani isitib, jinsiy qobiliyatni oshiradi.

Zanjabil kukun yoki choy shaklida yurtimiz dorixonalarida yoki ziravor rastalarida topiladi. O‘zining super-sog‘lomlik xususiyatidan tashqari, u ovqat va salatlarga biroz nordon va ajoyib aromatik ta’m bag‘ishlaydi.

Maslahat: Mashinangizda zanjabildan tayyorlangan konfetlar saqlasangiz, yo‘l davomida ko‘ngli aynigan yo‘lovchilaringizga katta yordam bergan bo‘lasiz.

Lavlagi bargi — Aziz bekajonlar, xonim pishirganingizda, ichiga bir lavlagi bargi solib ko‘rganmisiz? Ta’mi og‘zingizda qoladi! Eng asosiysi, oila a’zolaringiz tanasiga sanoqsiz vitaminlar ulashgan bo‘lasiz! Vitamin A, B, C, E va vitamin K ga, temir moddasi, kalsiy, magniy, protein va boshqa minerallarga boy bo‘lgan lavlagi barglari yurak kasalliklari, anemia, oq qon va o‘pka rakiga qarshi kurashib, terini tiniqlashtiradi, ko‘rish xususiyatini yaxshilaydi, suyaklarni mustahkamlaydi. Yaxshilab yuvilgan lavlagi barglaridan salat tayyorlasangiz, yoki bir qoshiq yog‘ solingan tovada ozroq „o‘ldirib“ olib iste’mol qilsangiz ham mazali bo‘ladi.

Daraxtlar, o‘simliklar va mevalar haqida topishmoqlar

Sholg‘om — Bolalikda ko‘pchiligimiz ta’mini yoqtirmagan bo‘lsak ham, meyoriga yetkazib pishirilgan sholg‘om taomimizga o‘zgacha maza qo‘sha oladi. (Ayniqsa, suzma lag‘mon sholg‘omsiz bo‘lar ekanmi!?) Turli vitaminlarga, temir moddasi, yod, fosfor, rux, marganets va kalsiy kabi minerallarga boy bo‘lgan bu sabzavot organizmdagi qonni tozalashga, jigar va oshqozon faoliyatini yaxshilashga yordam beradi. Yurak urishini normallashtirib, astma va bronxial kasalliklarni davolashda katta rol o‘ynaydi. Qizig‘i shundaki, sholg‘om tanadan chiqadigan turli xil noxush hidlarni ham bartaraf etadi.

Ma’lumot: Jigar yoki buyrak kasalliklarida sholg‘omni xomligicha yeyish, yoki uni juda ko‘p miqdorda iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Markaziy nerv sistemasi muammolari bilan qiynaladiganlar uchun ham sholg‘omli ovqatlar tavsiya etilmaydi; yosh bolalarga 2 yoshga to‘lishdan avval yedirilmasligi zarur.

Bulg‘or qalampiri — Vitamin C ga judayam boy bo‘lgan bu rang-barang sabzavot organizmdagi immunitetni oshirib, teri, milk va ko‘zlar sog‘lomligini ta’minlaydi. Qondagi qand miqdorini balansgasoladi; keksalik bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklar, astma, yurak va saraton kasalliklariga qarshi kurashadi.

Bulg'or qalampiri vitaminlarga boy

Bulg‘or qalampirini doimiy ravishda iste’mol qilib turgan bo‘lsangiz, kelajakda keksalik bilan bog‘liq kasalliklarning ham birmunchasini ko‘rdim demasligingiz aniq! Ayniqsa, homilador ayollarimizga bu sabzavotni tez-tez tanovul qilish kuchli tavsiya etiladi.

Oshqovoq — Oshqovoqli somsani yaxshi ko‘rasizmi? Umuman, tez-tez oshqovoq iste’mol qilib turasizmi? Unday bo‘lsa, salomatligim haqida yaxshi qayg‘urganman deb hisoblayvering. Yengil diyeta taom bo‘lishiga qaramay, odamni uzoq to‘q tuta oladigan bu sabzavot prostata raki, o‘pka va ko‘krak rakining oldini oladigan xususiyatga ega.

Oshqovoq yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi, organizmdagi hujayralar mustahkamligini oshiradi va qon tarkibidagi qand miqdorini normallashtiradi. Bundan tashqari, iste’mol qilingach, oshqovoq tarkibidagi triptofan moddasi tanada serotoninga aylanib, charchoqni chiqaradigan va kayfiyatni ko‘taradigan xususiyatlarga ham ega. Eng qizig‘i, oshqovoqni sevuvchilar hayotda uzoqroq muddat yosh ko‘rina oladilar!

Sabzi — «Ko‘proq sabzi ye – bo‘ying o‘sadi», deb uqtirishga harakat qilishar edi bolaligimizda bizga kattalar. Qizig‘i shundaki, bu sabzavotimiz faqatgina bo‘y o‘stirish bilan cheklanib qolmay, soch, teri va ko‘z uchun ham muhim bo‘lgan ozuqalarga boy hisoblanadi. Bundan tashqari, sabzi tarkibidagi vitaminlar jig‘ildon qaynashi, yurak va turli xil saraton kasalliklarining oldini olishda katta yordam beradi.

Sabzavotlarni to’g’ri pishirish haqida malumot

To’g’ri tayyorlangan sabzavotlar juda mazali bo’lib, ular ajoyib gazak yoki to’laqonli ovqat vazifasini ham bajaradi. Bugun bunday sabzavotlarni pishirishda qanday qilib ularning foydali xususiyatlarini saqlab qolish haqida ma’lumot beramiz.

Agarda siz o’zingiz va yaqinlaringizning salomatligi haqida qayg’ursangiz, unda bilasizki, sabzavotlar har kunlik taomnoma ro’yxatidan albatta joy olishlari shart. Ular organizmni zarur vitamin va mikroelementlar bilan to’yintirib, immunitetni mustahkamlaydi, teri va soch tashqi ko’rinishini yaxshilaydi. Ammo sabzavotlarni bug’da pishirishning o’zi kamlik qiladi, ulardagi vitaminlarni saqlab qolishdagi ba’zi muhim eslatmalarni bilib olishingiz kerak.

Uyqu haqida biz bilmaydigan qiziqarli malumotlar

Sabzavotlarni to’g’ri qaynatish

Sabzavotlarni to’g’ri qaynatish

Sabzavotlarni ikki xil usulda qaynatish kerak: suv solingan idishda yoki bug’da. Ularning farqi shundaki, bug’da pishirilgan sabzavotlar foydaliroq hisoblanadi. Ikki xil usulda ham sabzavotlarni quyidagicha tayyorlab olamiz:

  • Sabzavotlarni archish va to’g’rashdan oldin yaxshilab yuvib oling. To’g’ralgan sabzavotlarni yuvish maslahat berilmaydi, chunki yuvish jarayonida undagi vitaminlar suv bilan yuvilib ketadi.
  • Sabzavotlarni pishirishdan uzoq vaqt oldin tayyorlamang, taxminan 5-10 daqiqa oldinroq tayyorlab qo’ying. Chunki yorug’lik va havo ham sabzavotlardagi ba’zi foydali xususiyatlarga ta’sir qiladi.
  • Sabzavotlarni butunligicha qoldiring yoki kattaroq bo’laklarga bo’ling. Kesish jarayonida hujayralar buziladi va foydali xususiyatlarini ham tezroq yo’qotadi.
  • Pishgan sabzavotga quyidagiu sitrus mevalar sharbatidan seping: limon, apelsin, greypfrut. Ularning yordamida sabzavotlarning ayrim foydali xususiyatlari tezroq hazm qilinadi – masalan, temir.
  • Shuningdek tayyor sabzavotlarga o’simlik yog’idan ham seping. Bu sabzavotdagi karotin, D va K guruh vitaminlarini organizm tezroq o’zlashtirib olishiga yordam beradi. Masalan yog’ surtilgan sabzi va bulg’or qalampiri faqatgina foydaga xizmat qiladi.

Aytgancha, siz sabzavotlarni suvda qaynatib olsangiz, suvning ko’p bo’lmasligiga ahamiyat bering. Aks holda barcha vitamin va minerallar suvga chiqib ketadi.

Sabzavotlarni to’g’ri qovurish

Sabzavotlarni to’g’ri qovurish

Qovurilgan sabzavotlar mazali, shu bilan birgalikda foydalilik xususiyatini saqlab qolishini xohlasangiz, quyidagi qoidalarni eslab qoling:

  • Sabzavotlar bir xil vaqtda pishishi uchun, ularni bir xil kattalikda to’g’rab chiqing.
  • Qovurishda issiqlik bir xilda tarqalishi uchun, qozondan foydalangan ma’qulroq.
  • Agar sabzavot xomligicha iste’mol qilishga mo’ljallangan bo’lsa, unda biroz qovuring. Agar pishirib iste’mol qilish kerak bo’lsa, unda uzoqroq qovurib oling.
  • Qizil lavlagi, yashil loviya va selderey yog’ qo’shishni talab qilmaydi. Ularni quruq tovada qovurib olsa ham bo’ladi, tayyor bo’lganidan so’ng esa yog’ solinadi.
  • Yog’ni ayamang. Albatta, sabzavotlarni yog’ga botirish ham talab qilinmaydi, lekin qizg’anish ham yaramaydi. Birinchidan, biz yuqorida aytib o’tganimizdek yog’ sabzavotlardagi ayrim moddalarni tezroq o’zlashtirsa, ikkinchidan, sabzavotlarning rangin saqlab qoladi. Masalan: kartoshka va baqlajonni.
  • Tuzini rostlash esizdan chiqmasin. Agarda piyoz tiniq va yumshoq chiqishini istasangiz unga qovurishning boshida tuz seping. Bu piyozni kuyib ketmasligini oldini oladi. Qovoqcha va baqlajonga oldinroq tuz sepib qo’ysangiz, qovurish jarayonida ular kamroq yog’ni o’ziga shimadi.

Kartoshka chipslari haqida qiziqarli faktlar

Sabzavotlarni gaz pechida qizartirib pishirish

Sabzavotlarni gaz pechida qizartirib pishirish

Toblatma sabzavotlar o’zgacha ta’m va mazaga ega bo’ladi. Ularni tayyorlab gaz pechiga solasiz va bo’sh vaqtga ega bo’lasiz. Faqatgina quyidagi nozik jihatlarni yodda saqlang:

  • Sabzavotlarni bir xil kattalikda kesing, shunda ular bir vaqtda tayyor bo’ladi.
  • Yog’ni ko’p solmang. Qovurishdan farqliroq, sabzavotlarni duxovkada pishirishda faqat qolipni yog’lab oling va sabzavotlarni ustiga biroz seping. Xohishga qarab sabzavot pishgandan so’ng yana yog’ qo’shishingiz mumkin bo’ladi.
  • Sabzavotlarning orasida yetarlicha joy qoldiring, hunki pishish jarayonida ular bug’ chiqarishadi va buning oqibatida ular juda pishib ketishi mumkin.
  • Sabzavotlarni 200 C dan past bo’lmagan darajada pishirish kerak. Agar daraja past bo’lsa, sabzavotlar uzoq vaqt davomida pishadi va ezilib ketish ehtimoli kuchayadi. Shunda foydali xususiyatlari ham yo’qoladi.
  • Sabzavotlarni pishirish jarayonida aralashtirib tursangiz, barcha tomoni bir xil qizarib pishadi. 40 – 45 daqiqa pishiriladigan sabzavotlarni hech bo’lmasa ikki marotaba aralshtiring.

Va, albatta, xushbo’y ziravorlar qo’shishni unutmang. Ular sabzavotlarni yanada mazaliroq qiladi.

  1. Mumtozabegim:

    Shu maslahatlar, vitaminli meva va sabzavotlar haqida qiziqarli faktlar toʻplami uchun kattakon rahmat Allah ilmingizni bundanda ziyoda qilsin.

  2. Marjona:

    Mevalar haqida eng qiziqarli malumotlar uchun sizlarga kattakon raxmat.

  3. Foydalanuvchi:

    Assalomu alayko’m barchaga. Bu to’plam menga eng keraklisi ekan, katta raxmat sizlarga.

Fikringizni bildiring

Mavzuga doir fikringizni batafsil yozib qoldiring! Обязательные поля помечены *