Ismim o‘zimga yoqmaydi, uni o‘zgartirmoqchiman…

«Yoshim yigirma birda. Turmushga chiqmaganman. Menga bolaligimdan ismim yoqmaydi. Uning taqdirimga salbiy ta’siri yetarlicha, deb bilaman. Oila qurishdan oldin ism-famiyalimni o‘zgartirish niyatim bor. Buning tartib-qoidalari bilan tanishtirsangiz», dedi asl ismini hatto, aytishni istamagan mushtariyimiz.

Ismni o'zgartirish tartibi

Mavzu yuzasidan qator savollar tayyorlab, mutaxassislarga yuzlandik. Fuqarolarning ism, familiya, ota ismini o‘zgartirish masalalari bo‘yicha savollarimizga Toshkent shahar, Mirobod tumani FHDYo bo‘limi rahbari Gulbahor QULMATOVA javob beradi.

Ismni o’zgartirish tartibi qanaqa?

— Har bir fuqaro o‘z ismini, familiyasi, ota ismini o‘zgartirish huquqiga ega. Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi 16 yoshga to‘lgach, turar-joydagi FHDYo organi tomonidan (tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani qayerdan olgan bo‘lishidan qat’i nazar) ko‘rib chiqiladi. Bunda fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat — pasport bilan mruojaat qiladi.

Fuqarolarning bu boradagi arizalari familiya, ism va ota ismi eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa, ular millatiga to‘g‘ri kelmasa, xohishga qarab nikohgacha bo‘lgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda, oilada bir xil familiyada bo‘lish istagi tug‘ilganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiyani tanlamagan bo‘lsa) FHDYo bo‘limi tomonidan uzrli deb topilgan boshqa asoslarga ko‘ra 45 kun davomida ko‘rib chiqiladi. Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.

O‘g‘il va qiz bolalar uchun eng ko‘p qidirilgan ismlar manosi

Ism o’zgartirishda qanday hujjatlar talab qilinadi?

— Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar:

  • A) ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
  • B) agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;
  • V) agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, ularning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
  • G) ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma;
  • D) agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining, yoxud vasiy, yoki homiyning arizasi;
  • E) 1 dona (3 x 4 o‘lchamli) fotosurat ilova qilinadi.

O‘zgartirish kiritish uchun zarur bo‘lgan dalolatnoma yozuvlari yo‘qolgan taqdirda familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish ular tiklangandan keyingina amalga oshiriladi.

Hammasi FHDYoga bog‘liqmi?

— Yuqorida sanab o‘tgan hujjatlar FHDYo bo‘limi mudiri tomonidan tasdiqlangach, tuman ichki ishlar bo‘limiga tekshiruvga jo‘natiladi. Ichki ishlar bo‘limi ham amaldagi qonunlarlarga asosan fuqaroning hujjatlarini ko‘rib chiqib, qarshi emasliklarini bildiruvchi xulosani bizga taqdim etadi. Shundan so‘ng FHDYo tomonidan fuqaroga yangi guvohnoma va avvalgi ism-familiyasi, sharifi yozilgan hamda ularning o‘zgartirilgani to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi. Keyin Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga borib, yangi pasport olish uchun hujjatlarini taqdim etishadi.

Ismini o’zgartirmoqchi bo’lgan kishi o‘n oltiga to‘lish shartmi?

Ismini o'zgartirmoqchi bo'lgan kishi

— Agar bolaning ismi xunuk eshitilsa, shoshib ism qo‘yilgan bo‘lsa yoki ota-ona farzandimga ismi og‘irlik qilayapti, deb hisoblasa, unda er-xotin birga FHDYo bo‘limiga kelib, ariza bilan murojaat qilishi lozim. 10 yoshga to‘lgan bolaning esa roziligi kerak bo‘ladi. Bu jarayonda ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilinmaydi.

Turmush qurayotganda…

— Oila kodeksining 20-moddasi er va xotinning familiya tanlash huquqi haqida. Unga ko‘ra, nikoh tuzish vaqtida er va xotin o‘z xohishi bilan eri yoki xotinining familiyasini umumiy familiya qilib tanlaydi yoki ularning har biri nikohgacha bo‘lgan o‘z familiyasini saqlab qoladi.

Er va xotindan birining o‘z familiyasini o‘zgartirishi boshqasining ham familiyasi o‘zgarishiga olib kelmaydi. Oila qurayotganda familiya o‘zgartirishning hech qanday huquqiy ahamiyati yo‘q. Bu hammaning o‘z xohishiga binoan amalga oshiriladi.

O‘g‘il va qiz bolalar uchun eng chiroyli ismlar manosi

Nimalarni yangilash kerak?

— Fuqaro familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartiradigan bo‘lsa, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, oila qurgan bo‘lsa, nikoh haqidagi guvohnomasi va voyaga yetmagan bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasida ota yoki ona ustunidagi qaydlarni o‘zgartirishi talab etiladi.

Shuningdek, mehnat daftarchasi va Soliq to‘lovchining indentifikatsiya raqami (INN)ga o‘zgartirish kiritish kerak. Buning uchun ushbu hujjatlarni berilgan joyga borib, nikoh guvohnomasi yoki oila qurmagan bo‘lsa, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, shaxsini tasdiqlovchi hujjati ko‘rsatiladi. STIR eksi raqamlari saqlangan holda yangidan beriladi. Mehnat daftarchasidagi avvalgi ism, familiya yoki ota ismining ustiga esa chizilib, yangilari va «Asliga to‘g‘ri» deya yozilib, muhr bosiladi.

Fuqaro diplomi masalasida notarial idoraga murojaat qilib, ularning ko‘rsatmasi asosida ta’lim olgan o‘quv maskanidan ma’lumotnoma olib keladi. Diplom nusxasiga yuridik shaxsning ism, familiya yoki ota ismi o‘zgargani haqida ilova yopishtiriladi.

Ajrimdan keyin…

— Yaqinda bir ayol taqdir taqozasi bilan turmushidan ajrashdi. FHDYo vakili sifatida undan familiyasi masalasida nima qilmoqchi ekanligini so‘radim. Ayol «Bu familiya bilan men quvonchli onlarni qarshi olganman. Farzandlarim ham shu familiyada, garchi sobiq erim bilan endi yonma-yon yashamasam-da, familiyamni o‘zgartirmayman», deya javob berdi. Anglaganingizdek, ayol istasa, o‘zining nikohgacha bo‘lgan familiyasiga qaytishi mumkin. Xohlasa, sobiq erining familiyasida qoladi. Agar ajrimdan so‘ng familiyasini o‘zgartirishga ahd qilsa, ajrashganlik haqidagi guvohnoma bilan yashab turgan tumanidagi Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qiladi va muammosiz o‘z familiyasiga qaytadi.

O‘gay ota nasabini berishni istasa…

— Buning uchun ayol mazkur turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohda bo‘lishi kerak. Sud qaroriga asosan farzandlikka olish yo‘li bilangina bolalarning familiyasi, ota ismini o‘zgartirish mumkin. Agar farzand voyaga yetgan bo‘lsa, uning arizasi va roziligi ham talab etiladi. Faqat tug‘ilganlik haqidagi guvohnomada otasi qayd etilgan ustunga o‘zgartirish kiritilmaydi.

Bolaga ism tanlashda nimalarga ahamiyat berish kerak?

Bolani chiroyli nom bilan atash farzdir!

Rahmatulloh SAYFUDDINOV, Yunusobod tumani bosh imom xatibi, «Mirza Yusuf» jome masjidi imom xatibi, Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi:

— Ota-onaning farzlaridan biri, bu bolasiga chiroyli ism qo‘yishdir. Bunga yengillik bilan qaramaslik, milliy ma’naviyatimizga, qadriyatlarimizga va dinimiz ruhiga zid bo‘lgan nomlar bilan farzandni atamaslik darkor. Kelajakda farzandingiz o‘z ismidan uyalmasligi, atrofdagilar tomonidan mazax qilinmasligi uchun ham bu muhim.

Biroq «Ism egasiga og‘irlik qiladi» degan gap yo‘q, barchasi taqdirdan. Magarki, kishi ismini o‘zgartirishni niyat qilgan bo‘lsa, yaxshi nom tanlab, tanishlarga ismini o‘zgartirgani haqida xabar bergani ma’qul. Sharoiti bo‘lsa, bir mahram bilan masjidga yoki bir ahli ilmning oldiga borib, qulog‘iga azon va chap qulog‘iga takbir ayttirishi kerak. Bu aslida, yosh bolalarga lozim, kattalarga shart emas.

Inson ismining ruhiyatga qanday ta’siri bor?

Barno ILHOMOVA, ruhshunos: — Tajribamda ismi bilan bog‘liq muammo bilan murojaat qilganlar ham bo‘lgan. Ularning aksariyatini ko‘pincha o‘smirlar tashkil qiladi. Ism insonning o‘zini namoyon etishidagi birinchi vosita, doimiy yo‘ldosh. Nega ayrimlar o‘z ismini o‘zgartirishni istab qolishadi? Bu holatning psixologik sabablar quyidagicha:

Ota-onalar bolasini qaysidir qarindoshining yoki biror yaxshi munosabatdagi odamining nomi bilan atashadi. Keyinchalik munosabatlar sovuqlashishi oqibatida bola oilada turli gaplarni eshitishi:

  1. Ayni paytda qo‘llanilmaydigan ismlar tengdoshlari tomonidan mazax qilinishi;
  2. Biror salbiy voqeaning ismi bilan bog‘liqligi;
  3. Kimgadir juda havas qilishi;
  4. O‘z ismidan uyalishi;
  5. Ismini qo‘pol qilib qisqartirishlari;

Ota-onalar bolamga chiroyli ism berishim kerak degan vazifani esidan chiqarib, o‘zining orzu-armonlarini ushaltirish uchun farzandini biror nom bilan atashi kabilar.

Inson o‘z ismidan qoniqmasa, nomi salbiy tuyg‘ularni qo‘zg‘atuvchisi bo‘lib qolsa, ong ostida o‘ziga nisbatan salbiy munosabat shakllanishi mumkin. Natijada undan xalos bo‘lish payiga tushadi. «Ismimni o‘zgartirsam, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi», deb o‘ylashadi.

Dunyodagi eng antiqa ismlar haqida bilasizmi?

Bunday vaziyatlarda ota-ona farzandiga ismining ma’nosini tushuntirib berib, «O‘zingni boringcha qabul qilishni o‘rgangin, ismingni yaxshi ko‘rgin», deb bosiqlik bilan uqtirishi lozim. Yoki oilaviy kelishib, ismni o‘zgartirishlari kerak. Chunki kimgaki o‘zining ismi yoqmasa, bu kishining ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladi.

Farzand dunyoga kelar ekan, ota-ona uni chiroyli nom bilan atamog‘i shart. Va albatta, farzandiga qanday ism qo‘yapti, uning ma’nosini ham chaqmog‘i darkor. Shu bilan birga, avvalo o‘zlari atrofdagilarga o‘rnak bo‘lib, ularga o‘z ismlari bilan chiroyli murojaat etishlari shart.

  1. Hosilbek:

    Barchaga alom. Hosilbek shu ism manasini topib beringlar iltimos.

    • UzBaza.uz:

      Hosilbek assalomu alayko’m. Hosil ismining manosi «Meva, samara, natija; farzand yoki aniq, ravshan.» degan manoni anglatadi. Bu ismning shakillari: Hosiljon, Hosiloy, Hosilbek.

    • Raxima:

      Salom menga Toyyiba ismini ma’nosini topib beringlar. Iltimos.

Fikringizni bildiring

Mavzuga doir fikringizni batafsil yozib qoldiring! Обязательные поля помечены *